Rossiyaning yana bir universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi

Janubiy Ural universiteti rektori o‘zbekistonlik o‘quvchilarni xalqaro "Zvezda" fanlar olimpiadasida qatnashishga taklif etdi.
Sputnik
TOShKENT, 3 avg - Sputnik. Rossiyaning Janubiy Ural Davlat universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi, deb xabar qilmoqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi.
Bugun, 3-avgust kuni vazir o‘rinbosari K. Karimov hamda Janubiy Ural davlat universiteti rektori A.Vagner o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Vstrecha s delegatsiyey Yujnouralskogo GU
Unda tomonlar O‘zbekiston va Rossiya oliy ta’lim muassaalari o‘rtasida olib borilayotgan hamkorlik aloqalari ko‘lamini yuqori baholagan holda, respublikamizning bir qator OTM va mazkur universitet bilan aloqalarni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
“O‘zbekiston va Rossiya rektorlari konferensiyasi, Ta’lim forumi kabi yirik tadbirlar ikki mamlakat oliy ta’limi vakillari o‘rtasida o‘zaro muloqot uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. Janubiy Ural davlat universitetini ham ushbu tadbirlarda faol ishtirok etishga taklif qilamiz”, – dedi vazirning birinchi o‘rinbosari K. Karimov.
Rektor A. Vagner respublikamiz OTM bilan hamkorlik uchun qator manfaatli yo‘nalishlarni sanab o‘tdi. Shu bilan birga, rektor o‘zi rahbarlik qilayotgan OTM tomonidan tashkil etiladigan xalqaro "Zvezda" fanlar olimpiadasida respublikamiz akademik litsey o‘quvchilarini qatnashishga taklif etdi.
Shuningdek, uchrashuvda Janubiy Ural davlat universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, TDTU talabalarining ushbu xorijiy OTM magistraturasida tahsil olishi uchun grant o‘rinlarini ajratish, ilmiy kengashlarda dissertatsiyalar himoyasi va ikki OTM ilmiy jurnallarida maqolalar chop etish kabi yo‘nalishlarda ishlarni yanada jadallashtirishga kelishildi.
Ma’lumot uchun: Janubiy Ural davlat universiteti – Rossiya Federatsiyasining Chelyabinsk viloyatida faoliyat yuritayotgan 16 ta OTM orasidagi eng yirik ta’lim muassasasi, shuningdk, u ko‘p madaniyatli va ko‘p millatli SMART-Universitet hisoblanadi. Universitet 1943-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda dunyoning 50 dan ortiq davlatidan 30 mingdan oshiq talaba ta’lim olmoqda.
Chelyabinsk viloyati Toshkentda shou-rum ochmoqda