Professional bodibilder yosh sportchilarga tavsiya berdi

Toshkent Bodibilding va fitnes federatsiyasi prezidenti, professional bodibilder Habibulla Nizamov bu sport bilan shug‘ullanishda nimalarga rioya qilish kerakligini aytdi.
Sputnik
Yangi O‘zbekistonda zamonaviy sport turlari ortib, tobora rivojlanib borapti. Bu, albatta, mamlakat imidjini ko‘tarib, dovrug‘ini butun dunyoga mashhur qilmoqda.
Jumladan, professional bodibilding va fitnes ham rivojlanishga ulgurdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Toshkent Bodibilding va fitnes federatsiyasi prezidenti, professional bodibilder Habibulla Nizamov Sputnik muxbiri bilan suhbatda mazkur sport bilan shug‘ullanishga oid qator tavsiyalarni berdi.
“O‘zbekiston bodibilding fitness federatsiyasi 2006-yil yanvar oyidan rasman o‘z faoliyatini boshlagan. O‘shandan buyon muntazam ravishda respublika va xalqaro chempionatlar o‘tkazilib kelinadi. Hozirgi kunga kelib, bizning sportchilar orasida Markaziy Osiyo va jahon chempionlari bor”, - deydi Nizamov.
Erkaklarda bodibilding yo‘nalishi bo‘yicha, ayollarda model fizik yo‘nalishi bo‘yicha chempionlar chiqqan. Pavel Umurzakov, Farhod Subxonqulov, Davronbek Tuyg‘unov, Fomin Sergey, Vladimir Volinkin, Dilshod Niyozov, Olesya Shoxina, Angelina Kalinina va boshqalarni misol qilib keltirish mumkin.
Mutaxassis hozirgi kunda iste’moli ko‘payib ketgan turli proteinlarga ham to‘xtaldi.
“Hozirda ko‘pchilik, ayniqsa, yoshlar o‘z muskullarini chiqarish, chiroyli qilish maqsadida bilib-bilmay turli vositalarni qabul qilishmoqda. Bu noto‘g‘ri. Kuchli bo‘laman deb protein ichaverish og‘ir holatlarga olib kelishi mumkin. Federatsiyamizda bu borada alohida mutaxassislar ishlaydi. Sport ozuqalarini, ya’ni zararsiz tabiiy oqsillar, aminakislotalar, protein va turli vitaminlarni tavsiya etishadi”, - dedi Nizamov.
Eng muhimi mutaxassislar sportchilarda ozuqalarni iste’mol qilish davriyligini kuzatishadi. Ulardan albatta meyorida, mutaxassis nazorati ostida, organizmga gormonal ta’sirlarni o‘rgangan holda foydalanish tavsiya etiladi.
Bodibilding bilan 14 yoshdan shug‘ullanish mumkin. Ammo bu borada ham murabbiy (maxsus mutaxassis) ko‘magida ishlash lozim.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur sport turining keng ommalashishi mutlaqo zararsizligi va sportchining jarohat olmasligida. Agar mashg‘ulotlar vaqtida o‘ta og‘ir yuklamalar ko‘tarmasa, bu sportda deyarli jarohat bo‘lmaydi.
“Bodibilding bilan muntazam shug‘ullangan sportchida tana ma’lum meyorda bo‘ladi, tashqaridan katta yuklama tushsa tana shunga moslashib o‘sadi, agar tashqarida yuklamalar to‘xtatilsa organizm kichrayishi (dastlabki holatga kelishi) mumkin”, - deydi Nizamov.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston bodibilding fitness federatsiyasi 2012-yil dekabr oyida xalqaro Osiyo federatsiyalari WBPF (World Bodybuilding & Physique Federation) i ABBF (Asian Bodybuilding & Physique Sports Federation) tarkibiga kirgan.

Mavzuga oid:

O‘zbekistonlik bodibilder ayol Evelina Toshkentdagi JCh g‘olibasi bo‘ldi
Go‘zal tanalar shousi: Toshkentda bodibilding bo‘yicha jahon chempionati start oldi
Bodibilding: O‘zbekiston kubogi g‘oliblari – foto
O‘zbekistonlik fitnes model bodibilding bo‘yicha jahon chempioni bo‘ldi