Mustaqillikning 31-yilligi qanday o‘tkaziladi - tafsilotlar

“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” bosh g‘oyasi asosida tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari o‘tkaziladi.
Sputnik
TOShKENT, 3 avg — Sputnik. O‘zbekistonda mustaqillikning 31-yilligi “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shior ostida o‘tkaziladi. Bu haqida 2-avgust kuni prezident tomonidan qabul qilingan qarorda nazarda tutilgan.
Hujjatga muvofiq, “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” bosh g‘oyasi asosida tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari o‘tkaziladi.
Bayram tadbirlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda keng nishonlanlanadi.
Barcha hududlarda aholining keng qatlamlari o‘rtasida turli tadbirlarni o‘tkazish maqsadida taniqli ilm-fan namoyandalari, ijodkor ziyolilar, madaniyat va san’at arboblaridan iborat targ‘ibot guruhlari tashkil etiladi.
Joylarda bayramni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida quyidagi masalalarga e’tibor qaratiladi:
mamlakatda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, xalqimizning hayoti, qalbi va ongida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni ta’sirchan usullarda ifoda etish;
turli millat va diniy konfessiya vakillari o‘rtasida ahillik va totuvlik muhitini yanada kuchaytirish, jamiyatda tinch va osoyishta hayotni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning ahamiyatini chuqur tahlillar, aniq hayotiy misollar yordamida keng jamoatchilikka yetkazish;
bugungi tinch va erkin hayotni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga, inson qadrini ulug‘lashga da’vat etadigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni uyushtirish;
aholining hayot darajasi va sifatini yaxshilash, yoshlar, xotin-kizlar, keksa avlod vakillari, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga qaratilgan dasturlarning ijobiy natijalarini ko‘rsatish.
Qolaversa, bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi faxriylari, keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlari amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.