TOShKENT, 3 avg — Sputnik. Moskva Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Tayvanga tashrifini ochiq provakatsiya sifatida baholaydi. Bu haqida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda keltirilgan.
“2 avgust kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Tayvanga keldi. Biz uning tashrifini AQShning Xitoy Xalq Respublikasini har tomonlama to‘sish bo‘yicha agressiv chizig‘i ruhidagi ochiq provokatsiya sifatida baholaymiz”, - deyiladi Rossiya TIV bayonotida.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Tayvan bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat Xitoyning sof ichki ishi ekanligini va Pekin Tayvan masalasida o‘z suvereniteti hamda hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘rishga haqli ekanini ta’kidladi.
“Bu borada Rossiyaning prinsipial pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolmoqda. Biz faqat bitta Xitoy borligi, XXR hukumati butun Xitoyni ifodalovchi yagona qonuniy hukumat va Tayvan Xitoyning ajralmas qismi ekanligidan kelib chiqamiz”, - deyiladi bayonotda.
Shuningdek, Rossiya TIV Vashingtonni mintaqaviy barqarorlik va xalqaro xavfsizlikka putur yetkazuvchi harakatlardan tiyilishga, Amerika gegemonligiga o‘rin qolmagan yangi geosiyosiy voqelikni tan olishga chaqirdi.
Vazirlik eslatishicha, Rossiya va Xitoy rahbarlarining 2022-yil 4-fevral kuni Pekinda bo‘lib o‘tgan muzokaralari yakunlari bo‘yicha xalqaro munosabatlar yangi davrga kirayotgani va global barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonotda Rossiya tomoni “yagona Xitoy” tamoyiliga sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan hamda Tayvan orolining mustaqilligiga qarshi chiqqan.
Ma’lumot uchun, AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining samolyoti 2-avgust kuni Taypey aeroportiga qo‘ndi. Bu Qo‘shma Shtatlar rasmiy vakilining 1997-yildan buyon ushbu orolga amalga oshirilgan birinchi tashrifi bo‘ldi.
Xitoy Tayvanni o‘zining ajralmas qismi deb biladi va so‘nggi 50-yil davomida “hududiy yaxlitlik” siyosatini o‘tkazmoqda. Shu sababli XXR Taypey vakillari hamda xorijiy davlatlarning yuqori martabali amaldorlari va harbiylari o‘rtasidagi har qanday aloqaga doimo qarshi chiqib kelgan.
Xitoyning BMTdagi rasmiy vakili Chjan Szunga ko‘ra, xorijiy davlatlar tomonidan Xitoy va Tayvanning “hududiy yaxlitlik” tamoyilni mensimaslik – bu “qizil chiziq”dan o‘tishdir.