Qizlar jamoasi Butunjahon shaxmat olimpiadasida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda

Hindistonning Chennay shahrida bo‘lib o‘tayotgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasining to‘rtinchi kuni O‘zbekiston qizlar jamoasining g‘alabasi bilan yakunlandi.
Sputnik
TOShKENT, 2 avg — Sputnik. Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi durang, ayollar terma jamoasi esa g‘alaba qayd etdi. Bu haqida Sportni rivojlantirish vazirligi xabar berdi.
Hindistonning Chennay shahrida bo‘lib o‘tayotgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasining to‘rtinchi kuni o‘z yakuniga yetdi.
O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi kuchli raqib AQSh terma jamoasi bilan bahs olib bordi.
Nodirbek Abdusattorov amerikalik raqibi ustidan g‘alaba qozondi, Nodirbek Yoqubboyev, Jahongir Vohidov durang qayd etdi. Javohir Sindorov mag‘lubiyatga uchradi.
O‘zbekistonlik shaxmatchi qizlar Butunjahon shaxmat olimpiadasida g‘alaba qozonishdi
Shu tariqa, O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi kuchli raqib AQSh erkaklar jamoasi bilan 2:2 hisobda durang qayd etdi.
Qizlar esa Dominikan Respublikasini 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Nilufar Yoqubboyeva va Umida Omonova durang o‘ynadi, Maftuna Bobomurodova va Marjona Malikova g‘alaba qozondi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi 1-turda Nepal, 2-turda Farer orollari va 3-turda Slovakiya terma jamoasini mag‘lubiyatga uchratgan edi. Ayollar terma jamoasi 1-turda Gana terma jamoasi mag‘lub etgan bo‘lsa, 2-turda AQSh terma jamoasiga yutqazib qo‘ygan, 3-turda esa Zambiya terma jamoasi ustidan ishonchli g‘alabani rasmiylashtirgan edi.
45-Butunjahon shaxmat olimpiadasi 2024-yil Vengriya poytaxti Budapesht shahrida o‘tkaziladi. 2026-yil o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi mezbonligi uchun O‘zbekiston ham da’vogarlik qilmoqda.