“Piramidalar” dam olish maskani sotildi

Ommaviy savdolarda 4 nafar talabgor ishtirok etdi. Ular orasida eng yuqori narx taklif etgan ishtirokchi savdo g‘olibi deb topildi.
Sputnik
TOShKENT, 2 avg — Sputnik. Toshkent viloyatidagi Chorvoq suv omborining chap qirg‘og‘ida joylashgan "Chorvoq oromgohi" ("Piramidalar") dam olish maskani 208 mlrd so‘mga sotildi. Bu haqida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lum qildi.
Aytilishicha, ommaviy savdolarda 4 nafar talabgordan “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali takliflar kelib tushgan bo‘lib, raqobat muhitida o‘tkazilgan savdolarda “Vip Logistics” MChJ QK tomonidan eng yuqori narx taklifi berilgan.
Davlat tender komissiyasining tegishli qaroriga asosan Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Chorvoq oromgohi” dam olish maskani bo‘yicha “Vip Logistics” MChJ QK savdo g‘olibi deb topilgan.
Ma’lumot uchun, ushbu obyektning savdolari Davaktiv agentligining 2021-yil 7-oktabrdagi ommaviy savdo to‘g‘risidagi e’loniga muvofiq tashkil etilgan.