TOShKENT, 2 avg — Sputnik. 2022 yilning I yarim yilligida O‘zbekistonga jami 6,5 mlrd dollarlik transchegaraviy pul o‘tkazmalari kirib kelgan. Bu haqda Markaziy bank sharhida keltirilgan.
Qayd etilishicha, bu ko‘rsatkich 2021-yilning mos davriga nisbatan 2,6 barobarga yuqori bo‘lgan hamda ma’lum jihatdan aholining iste’mol va investitsion faolligini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
“Mamlakatimizga kirib kelgan pul o‘tkazmalari hajmi 2022-yilning II choragida sezilarli darajada oshdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,6 barobarga o‘sib, 5,1 mlrd dollarni tashkil etdi”, - deyiladi sharhda.
Transchegaraviy pul o‘tkazmalarning keskin o‘sishi sabablari:
rublning dollarga nisbatan sezilarli darajada mustahkamlanishi;
Rossiyadagi valyuta cheklovlari natijasida mehnat muxojirlarining pul o‘tkazmalarini norasmiy kanallar orqali emas, rasmiy kanallar orqali yuborishga o‘tganligi;
Rossiyaga naqd pulda eksport qiluvchi kichik va o‘rta biznes ham mablag‘larini rasmiy kanallar orqali yuborishi kabi omillar bilan izohlanmoqda.