TOShKENT, 1 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eronning qator hududlarida yuz bergan kuchli suv toshqinlari oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va katta talafotlar yetkazilgani munosabati bilan prezident Ibrohim Raisiyga hamdardlik bildirdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
“Davlatimiz rahbari vafot etganlarning oila a’zolari va yaqinlariga taskin-tasalli so‘zlarini yetkazishni so‘radi, jarohatlanganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi”, - deyiladi xabarda.
Musson yomg‘irlari Eronda kuchli suv toshqinlarini keltirb chiqardi. Tabiiy ofat mamlakatning 111 ta shahri va 310 ta qishlog‘iga zarar yetkazdi. Mahalliy OAVlar Erondagi suv toshqinlari oqibatida 69 kishi qurbon bo‘lganini xabar qilishmoqda. Qurbonlar soni bundan ziyod bo‘lishi mumkinligi istisno qilinmayapti. 45 kishi, jumladan 3 nafar Iroq fuqarosi daraksiz yo‘qolgan.