TOShKENT, 1 avg — Sputnik. Endilikda chet davlatda bo‘lib turgan shaxslar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari orqali elektron raqamli imzo kaliti sertifikati olishlari mumkin. Bu haqida hukumatning 413-sonli qarori qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, xorijda bo‘lib turgan shaxslar barcha davlat xizmatlaridan erkin foydalanish imkonini beruvchi ERI kaliti sertifikatini olish uchun O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari konsullik bo‘limlari va konsullik muassasalariga murojaat etishlari mumkin.
Murojaat yuborishi mumkin bo‘lgan shaxslar:
O‘zbekiston fuqarolari;
Chet davlat jismoniy va yuridik shaxslari;
Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar.
Konsullik muassasasi ERI kaliti sertifikatini berish to‘g‘risidagi so‘rovnomani qabul qilganidan so‘ng uni vakolatli organning axborot tizimiga idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimi orqali yuboradi.
Vakolatli organ real vaqt rejimida sertifikatni rasmiylashtiradi yoki uni berishni asoslantirgan holda rad etadi.
ERI kaliti sertifikatining amal qilish muddati ro‘yxatga olingan vaqtdan boshlab 24 oydan oshmasligi kerak.