TOShKENT, 1 avg — Sputnik. Bugun, 1-avgustdan boshlab O‘zbekistonda "Twitter", "WeChat" va "Vkontakte" ijtimoiy tarmoqlaridan to‘siqlarsiz foydalanish imkoniyati to‘liq tiklanmoqda. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, "TikTok" platformasi bilan muzokaralar davom etmoqda, natijalari yuzasidan qo‘shimcha xabar beriladi.
"Blokirovkalar rivojlanishga faqat zarar keltiradi", - deyiladi rasmiy xabarda.
O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonov bu xabarga munosabat bildirdi.
"Bloklash faqat zarar va ahmoqlik" - deya yozdi u o‘zining telegram kanalida.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbari so‘z va matbuot erkinligini, fuqarolarning axborot olish va uni tarqatish, o‘z fikr va qarashlarini erkin bildirish huquqini ta’minlash davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri ekani va u izchil davom ettirilishini bir necha bor ta’kidlaganini eslatdi.
"Axborot makonini yopib qo‘yish, fikrlar plyuralizmiga to‘sqinlik qilishga urinishlar jamiyatning taraqqiyotiga xizmat qilmay, aksincha, uni orqaga tortishi - isbot talab qilmaydigan haqiqat", - deya Asadov bu xabarga munosabat bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil yozida “O‘zkomnazorat” "Twitter", "TikTok", "VKontakte", "WeChat" va "Skype"ni mamlakatning“Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunini buzganlikda ayblab, ular faoliyatini cheklagan edi. Chunki yangi qonunga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar va internet-kompaniyalar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini mamlakat ichida joylashgan serverlarda qayta ishlashga majbur.