TOShKENT, 31-iyul — Sputnik. O‘zbekiston va Bangladesh savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida bir qator jiddiy kelishuvlarga erishdi. Xususan, tomonlar yangi transport yo‘lagini sinab ko‘rish, sanoat hamkorligi dasturini ishlab chiqish niyatida.
Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligida O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Bangladeshga tashrifi davomida ma’lum bo‘ldi.
Sanoat
Tomonlar Investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi Bitimni faollashtirishga hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etilishini rag‘batlantirishga kelishib oldilar.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasida 2023-yilgacha IT-texnologiyalar, charm sanoati kabi ustuvor yo‘nalishlarda loyihalarni amalga oshirish, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekistonning erkin iqtisodiy zonalarida to‘qimachilik klasterlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi Sanoat sohasida hamkorlik dasturini ishlab chiqish rejalashtirildi.
Kimyo, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, to‘qimachilik, charm-poyabzal va farmatsevtika sanoatida qo‘shma korxonalar tashkil qilish hamda ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozorlariga eksport qilish orqali sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha yakdil qarorga kelindi.
Farmatsevtika
Farmatsevtika sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tomonlar O‘zbekiston Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi va Bangladesh Farmatsevtika sanoati assotsiatsiyasi o‘rtasida O‘zbekiston va Bangladeshda ishlab chiqarilgan dori vositalarini ikki mamlakat hududida ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtirishni nazarda tutuvchi Hamkorlik to‘g‘risida memorandumni imzolashga kelishib olindi.
Oziq-ovqat
Mamlakatlar oziq-ovqat xavfsizligi, shu jumladan, urug‘chilik sohasida aniq chora-tadbirlar va amalga oshirish mexanizmlari belgilab qo‘yilgan Qo‘shma tadqiqotlar dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda O‘simliklar karantini sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitimni imzolashni tezlashtirish yuzasidan yakdil qarorga keldi.
Transport va savdo-sotiq
Ta’minot zanjirlarining logistikasini takomillashtirish va kamxarajat transport yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi. Shu nuqtayi nazardan, "O‘zbekiston – Chabahar porti – Chitagong porti" yo‘nalishi bo‘yicha ilk bor yuklarni tashib ko‘rish, shuningdek, " Uzbekistan Airways" va "Biman Airlines" Bangladesh milliy aviatashuvchisi o‘rtasida Toshkent – Dehli – Dakka yo‘nalishda aviaqatnovni tashkil etish bo‘yicha kod-shering (reyslarni hamkorlikda ekspluatatsiya qilish) shartnomasini tuzishga kelishildi.
Savdo munosabatlarini faollashtirish va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun tarif va notarif tartibga solishni o‘z ichiga olgan kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish muhimligi ta’kidlandi. Ushbu nuqtayi nazardan, tegishli vazirlik va idoralarga ikki tomonlama savdoni rag‘batlantirishga qaratilgan bir qator muhim kelishuvlar bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirish vazifasi yuklatildi.
Viza masalalari
Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarining o‘zaro tashriflari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida diplomatik pasport egalarining o‘zaro vizasiz safarlari to‘g‘risidagi shartnomani ishlab chiqish, shuningdek, ishbilarmonlar uchun viza rejimini engillashtirish borasida konsullik xizmatlari o‘rtasida maslahatlashuvlar o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Madaniyat va turizm
O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganligining 30-yilligi munosabati bilan 2022-yil davomida Bangladeshda O‘zbekiston madaniyati kunlari va O‘zbekistonda Bangladesh madaniyati kunlarini o‘tkazishga kelishildi. Bundan tashqari, turizm sohasidagi hamkorlikni jadallashtirish, jumladan, "Umra+" dasturi doirasida tranzit yo‘nalishlari bo‘ylab o‘tayotgan Bangladesh ziyoratchilarining O‘zbekistonning turizm infratuzilmasidan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Dakka shahrida O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonasini ochish imkoniyati muhokama qilindi. Ramziy ma’noda ushbu tadbirni mamlakatlar o‘rtasida ikki tomonlama munosabatlar o‘rnatilganining 30-yilligiga bag‘ishlash taklifi bildirildi.