TOShKENT, 31-iyul — Sputnik. Futbol bo‘yicha nogiron-amputantlar o‘rtasidagi Jahon chempionati-2022 ga qur’a tashlandi, deb xabar qilmoqda Sportni rivojlantirish vazirligi.
Unga ko‘ra O‘zbekiston "E" guruhidan o‘rin oldi. Jamoa Polsha, Ispaniya hamda Tanzaniyaga qarshi bahs olib boradi.
O‘zbekistonlik sportchilar jahon chempionati oldidan Jizzax viloyati, Zomin tumanida navbatdagi yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazadi.
Nogiron-amputantlar o‘rtasidagi jahon chempionati 30-sentabrdan 9-oktabrgacha Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston nogiron-amputantlar terma jamoasi besh karra jahon chempioni sanaladi. Jumladan, 1990 (AQSh), 1991 (O‘zbekiston), 2007 (Turkiya), 2010 (Argentina) hamda 2012 (Rossiya) yilgi jahon chempionatlarida oltin medallarni qo‘lga kiritgan.