TOShKENT, 30-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Gruziyada vertolot qulashi oqibatida 8 kishi halok bo‘lgani munosabati bilan bayonot e’lon qildi, deb xabar qildi “Dunyo” AA.
“Joriy yil 29-iyul kuni Gruziya Ichki ishlar vazirligi chegara qo‘shinlari politsiyasiga tegishli vertolotning Gudauri tog‘ kurortida qulashi oqibatida sakkiz kishi halok bo‘lgani haqidagi xabarni qayg‘u bilan qabul qildik, - deyiladi TIV bayonotida. - Halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz”.
Eslatib o‘tamiz, 29-iyul kuni Gruziya Ichki ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari bo‘lgan vertolot Gudauri tog‘larida paraplanerchilarni qidirib parvoz qildi.
Qidiruv tadbiri chog‘ida vertolot qulab tushdi va bortdagi barcha 8 kishi halok bo‘ldi.