Amir Temur haqida multfilm yaratilmoqda

O‘zbek multiplikatsiyasida nima gap? So‘nggi yillar o‘zbek animatsiya san’ati ham rivojlanib borapti. Bir qancha animator mutxassislar Sputnik muxbiriga ma’lumotlarni taqdim etishdi.
Sputnik
TOShKENT, 30-iyul — Sputnik. Bolalarning beg‘ubor dunyosi, qiziqishlari va orzulari har doim ijodkorlar diqqat markazida bo‘lgan. Oldin bolalar ertaklar eshitgan bo‘lsalar, zamonaviy bolalar rangli multfilmlarni tomosha qilishadi.
"O‘zbekistonda animatsion kino sohasini rivojlanishi bevosita davlat buyurtmasi bilan bog‘liq. Chunki shu vaqtgacha faqat davlat granti asosida multfilmlar yaratilgan. Oxirgi vaqtlar xususiy sektorda bu sohaning taraqqiyoti ko‘zga tashlanyapti. Xususiy studiyalar o‘zlarining animatsion loyihalariga davlat tomonidan yoki boshqa homiylar hisobidan ishlamoqdalar", deydi "O‘zbekmultfilm" studiyasi direktori Begzod Salomov.
2021 yilda Kinematografiya agentligi hamda Rossiyaning "Bazelevs" studiyasi bilan hamkorlikda animatsion maktab tashkil etildi va 50 o‘quvchi 6 oylik intensiv darslar kursiga o‘qishga qabul qilindi va imtihonlardan o‘ta olgan 15 o‘quvchi o‘ta oldi. Endilikda ular "Xo‘ja Nasriddin" nomli katta loyihada ish boshlashadi.
“O‘zbek animatsion san’atining rivojlanishi bu sohada kreativ va tajribali dramaturglarning yetishib chiqishi bilan bog‘liq. Hozirda bu og‘riqli masala. Lekin yoshlar yetishib chiqapti, ularga ko‘proq sharoit yaratilishi, moddiy va ma’naviy tomonidan qo‘llab quvvatlanishi lozim”, deydi Astir animation studiyasi direktori, animator Abdulatif Haydarov.
Kinematografiya agentligi hamda xususiy studiyalar bilan hamkorlikda "Xasis baqqol", "Avtosarguzashtlar" (ko‘p qismli), “Samarqand noni”, "Sayyoh", "Kichik bilag‘onlar", "Dino va zavr" kabi multfilmlar suratga olindi.
Multfilm "Xasis baqqol"
“Men doim bolalarni tezda jalb qiladigan, har qanday mavzuni ham bolalar auditoriyasiga mo‘ljallab olish lozim. Qahramonlar tashqi ko‘rinishi yorqin va chiroyli bo‘lishi kerak”, deydi mutaxassis.
“O‘zbek mumtoz adabiyoti asoschisi Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonida keltirilgan hikoya asosida “Xasis baqqol” multfilmi ishlandi. Qahramonlar shakl-shamoyili Sharq miniatura san’ati, xususan Kamoliddin Behzodning ijod namunalari asosida yaratilgan.
Mazkur animatsiya 9-fevral buyuk mutafakkir tavallud kuni munosabati bilan Kinochilar uyida premyera qilindi.
"Sayyoh" multfilmi
Kinematografiya agentligi hamda “Whiteline” studiyasi tomonidan yaratilgan “Kichik bilag‘onlar” animatsion filmi qiziqarli va dinamikaga boy asar bo‘ldi.
“Bu multfilmni asosan maktab bolalari, ya’ni boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljalladik. Unda Olimjon va do‘stlari Bahodir, Farhod, Muxlisa va Madinalarning boshidan kechirgan sarguzashtlari yoritilgan bo‘lib, mazmunan bolalarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini orttirishga qaratilgan”, dedi kartina direktori G‘olibjon Sanoqulov.
Kinematografiya agentligi va "Futurist" MChJ va Ummonning xususiy studiyasi tomonidan Ummon (Oman) fizigi va doktor Ibn al-Dahabiy to‘g‘risida 20 daqiqalik animatsion film suratga olinishi rejalashtirilgan.
Multfilm "Kichik bilag‘onlar"
“O‘zbek multfilmlarida ilk bor yangi texnologiya qo‘llanilmoqda. Yangi “Al Dahabi” multiplikatsion loyihasida biz inson tanasi va yuzi harakatini suratga olish “Motion Capture” texnologiyasidan foydalanyapmiz. Bu animatsiya jarayonini sezilarli darajada tezlashtiradi va personajlarning harakatlarini yanada aniqroq qiladi. 8 dan 11 gacha trekerlar qo‘l va oyoq bo‘g‘imlaridagi burmalarni, tos suyagi aylanishini, umurtqa pog‘onasini va boshning aylanishini kuzatib boradi", - dedi animator Andrey Yevstrigneyev.
Shu bilan birga, davlat buyurtmasi asosida “Sehrli qalamdon” nomli animatsion serial ishga tushiriladi. Mazkur animatsiyaga o‘quv qurollari tarkibiga kiruvchi qalamdon asos qilib olingan. Multfilmda bosh qahramon Iqbolning maktabda boshidan o‘tkazgan sarguzashtlari, sehrli qalamdon ichidagi qalam, ruchka, chizg‘ich, o‘chirg‘ich va sirkullarning "jonlanib", sohibi duch kelgan muammolarni hal qilishga shaylanishi kabi voqealar tasvirlangan.
“Renessans” animatsion loyihasi Markaziy Osiyodagi Renessans davrining yuzaga kelishi va taraqqiyotga hissa qo‘shgan allomalar, buyuk mutafakkirlar haqida yaratiladi. Uning birinchi qismi Sohibqiron Amir Temur haqida yaratiladi. Hozirda ssenariyni ishlash jarayonlari ketmoqda”, dedi loyiha rahbari Odil Mahamadov.
Demak, o‘zbek multiplikatsiyasida yangi mavzular, janrlar va tarixiy qahramonlar haqida animatsiyalar yaratilmoqda. Internet rivojlanib borayotgan, bolalar kitoblardan uzoqlashayotgan bir davrda yorqin va qiziqarli multfilmlar bolalar qalbidan joy egallab, qadrdonga aylansa ajabmas.