ShHTga a’zo davlatlar milliy valyutalarda hisob-kitobga o‘tishi mumkin – Lavrov

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar milliy valyutalarda hisob-kitoblarga o‘tishi mumkin - Lavrov
Sputnik
TOShKENT, 29-iyul — Sputnik. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ShHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha brifing chog‘ida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar milliy valyutalarda hisob-kitoblarga o‘tishi mumkinligini aytdi. Bu haqda Sputnik muxbiri xabar berdi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirining aytishicha, uchrashuv chog‘ida tomonlar Samarqandda bo‘lib o‘tadigan ShHTga a’zo davlatlar rahbarlarining sammitida imzolanishi mo‘ljallangan hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqdi.
“Bunday hujjat, birinchi navbatda, yuqori darajada tayyor bo‘lgan Samarqand deklaratsiyasi”, dedi vazir.
Shuningdek, Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, bir qator boshqa hujjatlar, xususan, integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish bilan bog‘liq hujjatlar ko‘rib chiqilgan.
“Bu borada ikkita hujjatni ajratib ko‘rsataman: birinchisi, transport yo‘laklarining o‘zaro bog‘liqligi konsepsiyasi. Ikkinchi hujjat ham kelgusidagi ishlarimiz uchun muhim - bu o‘zaro hisob-kitoblarda milliy valyutalardan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha yo‘l xaritasi”, dedi diplomat.
Lavrov energetika, transport, raqamlashtirish, innovatsiyalar, yangi texnologiyalar, sog‘liqni saqlash sohasi, shuningdek, madaniyat va sport kabi insonparvarlik tashabbuslarining katta paketi tayyorlanganini ta’kidladi. Ta’kidlanishicha, xususan, ShHT sport o‘yinlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirining aytishicha, joriy yilda yangi institut joriy etiladi, uning faoliyati ShHTni dunyoda ommalashtirishga qaratilgan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bundan buyon ShHTning madaniy va sayyohlik poytaxti tanlanadi – ayni damda Hindiston shaharlaridan biri bunday maqomga ega bo‘lgan.