ShHT-2022: Samarqand sammiti

ShHT davlatlari mintaqaviy xavfsizlikni himoya qilishi kerak – Xitoylik ekspert

Du Chjanyuan: ShHT davlatlari hozirgidan ham ko‘proq o‘zaro ishonchni mustahkamlashi va hamkorlikni chuqurlashtirishi zarur.
Sputnik
TOShKENT, 29-iyul — Sputnik. ShHT davlatlari mintaqada iqtisodiy tiklanish va mintaqaviy xavfsizlikni himoya qilish uchun o‘zaro ishonchni mustahkamlashi va hamkorlikni chuqurlashtirishi kerak. Bu haqda juma kuni XXRning xorijiy tillardagi adabiyotlarni nashr etish va tarqatish boshqarmasi rahbari Du Chjanyuan ma’lum qildi.
“Xalqaro vaziyatdagi ko‘plab murakkab va ko‘p qirrali o‘zgarishlar, jumladan, pandemiya va Rossiya-Ukraina mojarosi sharoitida mintaqaviy iqtisodiyotni tiklashga ko‘maklashish va mintaqaviy xavfsizlikni himoya qilish maqsadida ShHT mamlakatlari hozirgidan ham ko‘proq o‘zaro ishonchni mustahkamlashi va hamkorlikni chuqurlashtirishi zarur”, deya iqtibos keltiradi RIA Novosti ShHT mamlakatlari ommaviy axborot vositalari va tahliliy markazlari forumi ochilishida so‘zlagan Du Chjanyuanning so‘zlaridan.
Ekspertning fikricha, ShHT davlatlari doimiy ravishda muloqotni kuchaytirishi, konsensusga intilishi, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni so‘zsiz himoya qilishi kerak.
“Hozirda dunyoda proteksionizm va bir tomonlamalik kuchaymoqda, kam sonli davlatlar ta’minotni to‘xtatmoqda, aloqalarni uzmoqda va sanksiyalarni suiiste’mol qilmoqda, bu esa jahon iqtisodiyotining tiklanishiga jiddiy zarar yetkazmoqda. Xalqaro hamjamiyat global muammolarni hal qilish va global boshqaruvni takomillashtirishda ShHTdan o‘z hissasini qo‘shishini kutmoqda”, deya qo‘shimcha qildi u.
Bundan tashqari, ekspert kelgusida ShHT davlatlari chinakam ko‘p qirralilikka rioya qilishlari, o‘zaro hurmat, adolat va o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan yangi turdagi xalqaro munosabatlarni barpo etishlari, shuningdek, global miqyosdagi hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shishlari kerakligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, bugun Toshkentda ShHTga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.