“Osiyo bolalari”: o‘zbekistonlik sportchi ilk kumush medalni qo‘lga kiritdi

Asadbek Abdumalikov 200 metrga batterflyay usulda suzishda erishdi.
Sputnik
TOShKENT, 29-iyul — Sputnik. O‘zbekistonlik sportchi Asadbek Abdumalikov “Osiyo bolalari” o‘yinlarida ilk kumush medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqida Sportni rivojlantirish vazirligi xabar berdi.
Vladivostokda VII “Osiyo bolalari” o‘yinlarining rasmiy musobaqalari start oldi.
Musobaqalar dasturidan o‘rin olgan suzish bahslarida o‘zbekistonlik sportchi dastlabki kumush medalni qo‘lga kiritdi.
U 200 metrga batterflyay usulda suzishda erishdi.
Oltin medal Sibir federal okrugi sportchisi Temofey Zinchenkoga nasib etdi. Ural federal okrugi sportchisi Gleb Korchagin esa bronza medali sohibi bo‘ldi.
Aytilishicha, suzish musobaqalarining bir qator yo‘nalishlarida sovrinli o‘rinlar uchun kurashlar davom etmoqda.
Bugun kun mobaynida shuningdek, sohil voleyboli, stol tennisi, badiiy gimnastika, basketbol 3x3 sport turlarida saralash musobaqalari o‘tkaziladi.
Suzish sport turida o‘g‘il va qiz bolalar 8 ta yo‘nalishda medallar uchun bahs olib boradi.
Basketbol 3x3 o‘yinlari uchun tashlangan qur’a natijalariga ko‘ra, bugun O‘zbekiston qizlar jamoasi Saxa Respublikasi vakilalari bilan kunning birinchi yarimida, kunning ikkinchi yarmida Sibir Federal okrugi vakillari bilan kuch sinashadi.
Enver Usmonov murabbiyligidagi o‘g‘il bolalar jamoasi esa ilk bahsni bugun Uzoq sharq federal okrugiga qarshi o‘tkazsa, kechgi payti Ural federal okrugi jamoasi bilan o‘ynaydi.