TOShKENT, 29-iyul — Sputnik. Milliy koordinatorlar shu yil 15-16 sentabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining katta hujjatlar to‘plamini kelishib olishdi. Bu haqida Sputnik muxbiri xabar berdi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining so‘zlariga ko‘ra, ushbu hujjatlar to‘plami ShHTning jadal rivojlanishi, Tashkilotning salohiyati ortib borayotgani hamda zamonaviy chaqiriqlarga adekvat va samarali javob berish qobiliyatini namoyish etishga qaratilgan.
Sammitning asosiy siyosiy hujjati “Samarqand deklaratsiyasi” loyihasida mamlakatlarning eng muhim mintaqaviy va global muammolar bo‘yicha mujassamlashgan pozitsiyalari o‘z ifodasini topgan.
“Amaliy hamkorlikni yanada takomillashtirish, mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, transport aloqalarini mustahkamlash, madaniy muloqotni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma yondashuvlar belgilangan”, deydi Norov.
U shuningdek, ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashi yig‘ilishida uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi Shartnomani amalga oshirish bo‘yicha keng qamrovli reja, transport aloqalarining o‘zaro bog‘lik konsepsiyasi, shuningdek sanoat kooperatsiyasi dasturlari muhokama qilinishini qayd etib o‘tdi.