TOShKENT, 29-iyul — Sputnik. Kecha Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Toshkentga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda Rossiya TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tomonlar Rossiya-O‘zbekiston munosabatlari haqida gaplashgan, O‘zbekiston raislik qilayotgan Shanxay hamkorlik tashkilotining bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlari arafasida kun tartibida turgan xalqaro hamda mintaqaviy miqyosdagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashgan.
“Sergey Lavrov va Sardor Umurzoqov o‘zaro manfaatli ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirish niyatlarini tasdiqladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, kecha O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sergey Lavrov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan edi.
Ma’lumot uchun, Lavrov 29-iyul kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston raisligida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisida ishtirok etadi.