Stiven Sigal Rossiya fuqaroligidan hech qachon voz kechmoqchi emas

Gollivud yulduzi besh yildan buyon Rossiya fuqarosi hisoblanadi - tafsilotlar.
Sputnik
TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. Bir necha yil avval Rossiya pasportini olgan amerikalik aktor va kinoproduser Stiven Sigal RIA Novosti agentligiga Rossiya fuqaroligidan hech qachon voz kechmasligini ma’lum qildi.
"Birinchidan, men hech qachon Rossiya pasportidan voz kechmayman. Ikkinchidan, men har kuni rusofobiyaga duch kelaman", - deydi u.
Bundan tashqari, 2018-yil avgust oyidan boshlab, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Rossiya va AQSh o‘rtasidagi gumanitar aloqalar bo‘yicha maxsus vakili hisoblangan aktor o‘z lavozimini o‘zgartirishi mumkinligi va bu masala muhokama qilinayotganini aytib o‘tdi.

"Bilasizki, AQSh va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar juda tarang. Menga avvalroq berilgantopshiriq yuzasidan pozitsiyamni o‘zgartirish haqida munozaralar ketmoqda", - deydi Sigal.

Qayd etish joiz, Sigal ushbu lavozimda madaniyat, fan, ta’lim, san’at va sport sohasidagi loyihalarda ishtirok etgan.
Aktor Qalmog‘iston, Tuva va Yoqutistonga tashrif buyurib, o‘zining kelib chiqish ildizlarini o‘rganar ekan, Ukrainada ham qarindoshlari bo‘lishi mumkinligini aytdi.

"Rossiyada ko‘p qarindoshlarim bor. Ular asosan Uzoq Sharq, Vladivostok, Irkutsk, Yoqutiston, Baykal, Buratiyada. Ukrainaga kelsak: qarindoshlarim bo‘lishi mumkin, lekin ishonchim komil emas” - deydi u.

Eslatib o‘tamiz, 2016-yil noyabrda prezident Vladimir Putin amerikalik aktor va produser Stiven Sigalga Rossiya fuqaroligini berish haqidagi farmonni imzolagan edi. Sigalning otasi Rossiya hududida tug‘ilgan va XX asrning birinchi yarmida AQShga ko‘chib ketgan.