TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. 2022 yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 35,6 mln kishi istiqomat qilmoqda. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, umumiy aholining 17,7 mln nafari ayollardan, 17,9 mln nafari erkaklardan tashkil topgan.
Aholining 18,1 mln nafari shaharlarda, qolgan 17,5 mln nafari esa qishloqlarda yashaydi.
1 iyul holatiga ko‘ra, 413,6 ming kishi tug‘ilgan, 80,9 ming kishi vafot etgan. Ko‘rib chiqilayotgan davrda 108,9 mingta nikoh, 24,6 mingta ajrim qayd etilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekistonga 0,9 ming kishi ko‘chib kelgan bo‘lsa, 1,4 ming kishi ko‘chib ketgan.
Avvalroq O‘zbekistonning doimiy aholisi eng ko‘p hududi Samarqand viloyati, eng kami esa Sirdaryo viloyati hisoblanishi xabar qilingan edi.