TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. Birlashgan Arab Amirliklarining “Sharja” klubida to‘p surib kelayotgan o‘zbekistonlik futbolchi Otabek Shukurov faoliyatini Turkiyada davom ettiradi.
Istanbulning “Fatih Karagümrük” klubi Shukurov bilan shartnoma imzolaganini ma’lum qildi.
“Otabek Shukurov, xush kelding. Yangi mavsumda omad tilaymiz”, - deyiladi klub xabarida.
Avvalroq "Sharja" o‘zbekistonlik futbolchiga “Fatih Karagümrük” klubiga qo‘shilish uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish va muzokara o‘tkazishga ruxsat bergani xabar qilingan edi.
“Fatih Karagümrük” klubi bosh murabbiyi Andrea Pirlo hisoblanadi. Jamoa Turkiya chempionatining o‘tgan mavsumida 8-o‘rinni band etgan.
Shukurov 2017-yildan buyon sharjaliklar safida to‘p surib kelayotgandi. Unga qadar futbolchi “Mash’al”, “Buxoro” va “Bunyodkor” jamoalari sharafini himoya qilgan.