Modarixon madrasasi sayyohlarning tashrif manziliga kiritiladi

Madrasada "Hunarmandchilik markazi" tashkil etildi.
Sputnik
TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. Modarixon madrasasi turistlar uchun sayohat marshrutiga kiritiladi. Bu haqida Buxoro viloyat Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi xabar berdi.
O‘zbekistonda 22–24 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan "O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans poydevori" VI Xalqaro Kongressi fonida Modarixon madrasasi sayyohlar uchun tashrif manziliga aylantirildi.
Shuningdek, “Modarixon” madrasasida "Hunarmandchilik markazi" tashkil etildi.
U yerda 20 nafar hunarmand misgarlik, yog‘och o‘ymakorligi, kandakorlik, kashtachilik, zardo‘zlik, miniatura rassomchiligi singari hunarlarni o‘rgatib kelmoqda.
Ma’lumot uchun, XX asrning boshlarida Buxoroda 250 dan ziyod madrasa mavjud bo‘lgan.
“Modarixon” madrasasi 1566—67 yillarda Abdullaxon tomonidan onasi sharafiga bunyod etilgan. Madrasa ulkan peshtoq, miyonsaroy, darsxona, masjid va hovli atrofida ikki qavatli qilib qurilgan ayvonli hujralardan iborat. Madrasa 1960-yilda davlat tomonidan muhofazaga olingan.