TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. Sherzod Nazarov 1998-yili 22-mart kuni Toshkentda tavallud topgan, asli Qashqadaryo viloyatidan. 1994-yili oilasi bilan poytaxtga ko‘chib kelishgan.
Iz kinofilma "Parikmaxer"
© Iz lichnogo arxiva Sherzoda Nazarova
“Maktabda ta’til bo‘lishi bilan men qishloqqa shoshardim. O‘sha muhitga talpinardim. Qishloq hayoti, sodda odamlari va tabiati menga yoqardi. San’atga bolaligimdan mehrim boshqacha bo‘lgan, maktabni bitirganimda san’at yo‘nalishini tanlashimga hatto ota-onam qarshi chiqishdi. Biroq ishtiyoqim sababli Toshkent madaniyat kollejida o‘qidim va o‘sha paytlari “Diydor” teatriga borib O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshev hamda rassom va rejissor Sergey Seduxindan rejissura sirlarini o‘rgandim”, dedi Nazarov.
Ta’lim va karyera
Bu yosh ijodkorni san’atga bo‘lgan muhabbatini yanada oshirgan va 2016-yili O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga “Kino va televidenie rejissurasi” ta’lim yo‘nalishiga davlat granti asosida o‘qishga kirdi. Ustozlari Bahodir Odilov, aktrisa Ra’no Shodiyeva, pedagog Muzaffar Qoraboyev bo‘lishgan.
Institutni tamomlagandan so‘ng, Art house loyihasida Ali Xamrayev va Rashid Malikovdan tahsil oldim. Hujjatli kino sohasida taniqli rejissor-dokumentalist Lyuk Toven kursida o‘qiganman. Hozirda VGIKning Toshkent filialida rejissor va kinossenarist Yusuf Roziqovning kursida tahsil olmoqdaman.
“Ilk suratga olgan filmim bu talabaligimdagi “Qaytish” deb nomlangan qisqa metrajli kinokartina bo‘lgan, keyin Kinematografiya agentligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Debut” yosh rejissorlar tanlovida g‘olib bo‘lgan loyiha asosida “Sartarosh” filmi, “Mening bobom 90 yoshda”, “Snayper Zebo G‘aniyeva”, “Kichik leytenant Sharof Rashidov” hujjatli filmlarida postanovkachi rejissor sifatida ishladim”, dedi rejissor.
Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan “Ipak yo‘lida” qisqa metrajli filmi rejissor ijodida omadli kinoloyiha bo‘ldi. 15 ga yaqin nufuzli xalqaro kinofestivallarda ishtirok etib, mukofotlarni qo‘ga kiritdi.
Iz filma "Na Shelkovom puti"
© Iz lichnogo arxiva Sherzoda Nazarova
Yangi loyihalar
“Har bir rejissor dramaturgiya nazariyasi va qoidalarini bilishi lozim, deb o‘ylayman. Yosh ssenarist Shohjahon Subhonov bilan birgalikda zamonaviy dramaturgik strukturalardan foydalanamiz. Masalan, mualliflik kinokartinalarida rejissor o‘zi ssenariy yozishi talab etiladi. Shuning uchun men ham bilimlarimni oshirmoqdaman”, deydi Sherzod.
Sherzod Nazarov hozirgi kunda “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK tomonidan “Sayohat 230” nomli hujjatli film ustida ish olib borapti. Sentabr boshida filmning suratga olish ishlari boshlanadi.
Bu film 3 ta yo‘lovchi hamroh keksa nuroniyning Xorazm va Qoraqalpog‘istonga sayohati haqida suratga olinadi. Keyinchalik, to‘liq badiiy filmda o‘zini sinab ko‘rmoqchi. 2021-yilda Toshkent xalqaro kinofestivalida “Ipak yo‘lida” filmi uchun grant taqdim etilgan. Hozirda ssenariylar tayyorlamoqda.
Hayot haqiqati
“Menga hayotiy mavzudagi filmlar yoqadi, fantastika, blokbaster va fentezilar menga yoqmaydi, ular montaj filmlar bo‘lib, to‘qimadan iborat. Hayot haqiqatini aks ettirgan filmlar tomoshabinni qalbidan joy oladi” – dedi rejissor.
Sherzod hozirgi yosh rejissorlar qanday filmlar ishlashi kerakligi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
“Millatimiz uchun xalqona filmlar kerak, mana shunday asarlar ko‘pchilikni kinoteatrga yetaklab keladi. Festival filmlari bilan oila boqolmaymiz, shuning uchun kassabop kinoasarlar ham yaratish kerak. Tomoshabinni o‘ylantirib, dardiga malham bo‘la oladigan mavzularni tanlash kerak”.
Yosh rejissor jahon kinematografiyasida o‘zining betakror san’ati, unutilmas filmlari va yuksak darajadagi mahorati bilan nom qoldirgan kinorejissorlar talaygina. Ulardan Andrey Zvaginsev, Emir Kusturitsa, Nuri Bilge Djeylan, Mikelanjelo Antonioni, Asgar Farxadi, aka-uka Dardennlar, ulaning filmlarini ko‘rishini, ta’sirlanishini va ba’zi joylarida taqlid qilishini aytib o‘tdi.
“Rus rejissorlardan Andrey Zvaginsev ijodi menga yoqadi, oxirgi paytlarda global muammolarni ochib berapti. Andrey Konchalovskiy ham o‘ziga xos filmlar yaratmoqda, kelgusida menda ham xalqona komediyalar, yorqin mavzulardagi filmlar yaratish istagi bor”, dedi rejissor.