Farg‘ona vodiysida sel kelish xavfi bor - O‘zgidromet

Farg‘ona vodiysida 29-iyuldan 1-avgustgacha sel-suv toshqin hodisalari kuzatilishi mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. O‘zbekistonning ayrim tog‘ oldi va tog‘li hududlarida 29-iyuldan 1-avgustgacha sel-suv toshqin hodisalari kuzatilishi mumkin. Bu haqida O‘zgidromet xabar berdi.
Sel-suv toshqin hodisalari Toshkent, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida kuzatilishi prognoz qilinmoqda.
Unga ko‘ra sel-suv toshqin hodisalari quyidagi hududlarda kuzatilishi mumkin:
Toshkent viloyatining Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rtachirchiq, Yuqorichirchiq tumanlarida va Angren, Olmaliq shaharlarida;
Namangan viloyatining Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida;
Farg‘ona viloyatining So‘x, Shoximardon, Far0ona, Beshariq tumanlarida.
O‘zgidromet tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yashovchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishni so‘radi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning shimoliy hududlariga salqin havo massasi kirib kelishi davom etmoqda. Bugun Qoraqalpog‘istonda kechga tomon ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.