Toshkentdagi konditsionersiz avtobuslarda yo‘lovchilarga suv tarqatilmoqda

Bunday ishlar suvsizlanish va xushdan ketish kabi ko‘ngilsiz holatlarni oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. Toshkentdagi konditsionersiz avtobuslarda yo‘lovchilarga suv tarqatilmoqda. Bu haqida “Toshshahartransxizmat” xabar berdi.
Aytilishicha, shu kunlarda kuzatilayotgan anomal issiq ob-havoda sovutish tizimi bilan jihozlanmagan avtobuslarda harakatlanayotgan yo‘lovchilarga bepul mineral suvlar tarqatilmoqda.
Bunday ishlar suvsizlanish va xushdan ketish kabi ko‘ngilsiz holatlarni oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda.
“Barcha avtobus saroylari rahbarlariga yo‘nalish vaqtida haydovchilar avtobus va elektrobuslarda mavjud salonni sovutish tizimini yoqgan holda harakatlanishlari yuzasidan maxsus ko‘rsatmalar berildi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, haydovchilar tomonidan salonni sovutish tizimida texnik nosozliklar uchragan vaqtda darhol uni bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Ma’lumot uchun, hozirda avtobus va elektrobuslarning 271 tasi salonni sovutish tizimi bilan jihozlangan. Ularning iqlim nazorati tizimlari va havoni tozalab beruvchi filtrlari talab darajasida ishlashi doimiy nazoratdan o‘tkazilmoqda.