Toshkentda YuNESKOning xalqaro konferensiyasi o‘tkaziladi

Tadbirda “Kichik yoshdagi bolalar tarbiyasi va ta’limi bo‘yicha Toshkent harakatlar dasturi”ni qabul qilish rejalashtirilgan.
Sputnik
TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. Toshkent 14–16 noyabr kunlari YuNESKOning II Butunjahon konferensiyasiga mezbonlik qiladi. Sputnik muxbiri xabar berishicha bu haqida Maktabgacha ta’lim vazirligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
YuNESKOning erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha II Butunjahon konferensiyasida ikki minga yaqin ishtirokchi, jumladan xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari rahbarlari, YuNESKOga a’zo davlatlar ta’lim vazirlari, fan va ta’lim sohasidagi yetakchi ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Konferensiyada “Kichik yoshdagi bolalar tarbiyasi va ta’limi bo‘yicha Toshkent harakatlar dasturi”ni qabul qilish rejalashtirilmoqda.
“Kelajak kun tartibini belgilaymiz, 2030-yilgacha ta’limga oid masalalarni muhokama qilamiz. Har bir bola uchun maktabgacha ta’lim mavjudligini ta’minlash maqsadida ‘yo‘l xaritasi’ni ishlab chiqamiz”, — deydi YuNESKO vakili Borxen Chakroun Sputnik muxbiriga.
Xalqaro vakillar qayd etishicha, mamlakatning yosh bolalarni o‘qitish va tarbiyalashga bo‘lgan sadoqati tufayli O‘zbekiston bu sohada “Jahon chempionlaridan biri” bo‘ldi.

“YuNISEF bilan hamkorlikda “Aqlvoy” ko‘chma bog‘chalari, o‘yin guruhlari tashkil etilgan. Bundan tashqari, nafaqat imkoniyati cheklangan, balki olis mahallalarda yashovchi va o‘z hududida ta’lim olish imkoniga ega bo‘lmagan bolalarni borib ko‘rish uchun ko‘ngillilar o‘qitiladigan ta’lim markazlari tashkil etilgan”, deydi Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yil iyul oyida O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olish darajasi 40,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 60 foizga yetdi.
Maktabgacha ta’lim muammolarini hal etishga qaratilgan loyihalardan biri bu ko‘chma bog‘chalardir. Jihozlangan avtobuslar mamlakatning qishloqlari va chekka hududlariga yetib boradi. Ular maktabgacha yoshdagi bolalarni o‘qitish uchun barcha zaruriy o‘quv qurollari bilan jihozlangan.
Hozirda ko‘chma avtobuslar soni 48 taga teng. Ular O‘zbekistonning eng chekka 96 ta viloyatida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Loyiha doirasida 6,2 ming nafardan ortiq bola maktabgacha ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
So‘nggi besh yilda esa mamlakatda maktabgacha ta’lim oluvchi bolalar soni 27 foizdan 67 foizga oshdi. Joriy yilda davlat-xususiy sheriklik dasturi asosida yana 45 ming nafar bola maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishi kutilmoqda.