TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. Avgust oyining boshida Qirg‘izistonda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXShT) maxsus kuchlarining "Kobalt-2022" maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Bu haqda seshanba kuni KXShT saytida xabar berildi.
Qayd etilishicha, KXShT maxsus kuchlarining "Kobalt-2022" maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari 2-5 avgust kunlari Qirg‘iziston hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etayotgan maxsus kuchlar “bandit tuzilmalarni, terrorchilik guruhlarni qidirish, blokirovka qilish va zararsizlantirish, shuningdek, narkotik moddalar kontrabandasi kanallarini to‘sib qo‘yish hamda giyohvandlik vositalarini saqlash va ishlab chiqarish omborlari, laboratoriyalarini aniqlash hamda ularni yo‘q qilish vazifalarini” bajaradi.
Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligining bo‘linmalari aksilterror operatsiyasi davomida yuzaga kelgan oqibatlarni bartaraf etish bo‘yicha vazifalarni ishlab chiqadi.
Mashg‘ulotlar rejasida maxsus operatsiyani rejalashtirish, o‘zaro ta’sirni tashkil etish va bir xil bo‘lmagan kuchlar hamda vositalarni boshqarish bo‘yicha qo‘mondonlik va shtablarni tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Mashqlar yakunida ishtirokchilar jamoalari o‘rtasida turli xil qurollardan o‘q otish bo‘yicha musobaqalar rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, 1992-yil 15-may sanasida sobiq sovet respublikalari o‘rtasida Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi va u 1994-yilning 20-aprelidan boshlab kuchga kirdi.
KXShTning vazifasi qo‘shin va yordamchi bo‘linmalarning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan shartnomada ishtirok etadigan mamlakatlarning hududiy-iqtisodiy makonini har qanday tashqi harbiy va siyosiy tajovuzkorlardan, xalqaro terrorchilardan, shuningdek keng ko‘lamli tabiiy ofatlardan himoya qilishdan iborat. Bugungi kunda ushbu tashkilotga 6 davlat: Rossiya, Belarus, Armaniston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zo.