Ayrim shaxslarga soliq to‘lashda imtiyozlar berildi

Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ayrim shaxslar soliq to‘lashdan ozod etildi.
Sputnik
TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. 26 iyul kuni qabul qilingan qonun bilan Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, mobil aloqa xizmatlariga nisbatan soliq stavkalari 10 foiz etib belgilandi. Ilgari stavka 15 foizga teng bo‘lgan.
Ta’lim yo‘nalishi
Talabalarning O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlari hududida pulli o‘quv kurslari, sport to‘garaklarini tashkil etishdan va boshqa ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishdan olingan daromadlari jami daromadlarga kiritilmaydi.
O‘quvchilar va talabalarning ta’lim olishi uchun O‘zbekiston professional va oliy ta’lim tashkilotlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha pulli-kontrakt asosida o‘tkaziladigan mablag‘ xarajatlariga soliq to‘lovchining daromadi sifatida qaralmaydi.
Soliq to‘lovchining farzandlariga nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablar ko‘rsatadigan ta’limga oid xizmatlar uchun ota-ona tomonidan har bir farzand uchun to‘lanadigan oyiga 3 mln so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlariga yo‘naltiriladigan daromadlariga soliq solinmaydi.
Rezidentlar va norezidentlar
Norezidentlar bo‘lgan jismoniy shaxslarning mehnat shartnomalari va fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnomalar bo‘yicha olingan daromadlari uchun soliq stavkalari 12 foiz etib belgilandi.
Qishloq joylarda joylashgan antenna-machta metall konstruksiyalari, shuningdek ularga o‘rnatilgan hamda ularning ajralmas qismi bo‘lgan konstruksiyalar egallagan yer uchastkalariga soliq solinmaydi.
Shu yilning 1-aprelidan 2024-yil 31-dekabrgacha respublika rezidentlari va norezidentlari bo‘lgan jismoniy shaxslarning aksiyalar bo‘yicha dividendlar tarzidagi daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi.
Prezidentning va hukumatning 1-iyulgacha qabul qilingan hujjatlarida nazarda tutilgan bojxona boji bo‘yicha imtiyozlar ularning amal qilish muddati tugaguniga qadar amal qiladi.