TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. Shu yilning oxrigacha “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” yo‘nalishi bo‘yicha dala ekspeditsiyasi o‘tkaziladi.
BMT ekspertlarining fikricha, Afg‘oniston va boshqa davlatlar o‘rtasidagi samarali transport hamkorligi tufayli mintaqaviy yalpi ichki mahsulot 10-yil ichida kamida ikki barobarga oshishi mumkin.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Husnutdin Xosilovning aytishicha, bugungi kunga qadar Termiz-Mozori- Sharif-Kobul-Peshovar temir yo‘l koridorini shakllantirish bo‘yicha muayan ishlar amalga oshirildi.
Xususan, temir yo‘lning butun yo‘nalishi bo‘ylab dala ekspeditsiyasiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ekspeditsiya O‘zbekiston va Pokiston Islom Respublikasining ko‘magi hamda moliyalashtirishi asosida yaqin vaqt ichida shu yilning oxirigacha amalga oshiriladi.
“Biz yaqin kunlarda dala tadqiqotini o‘tkazish uchun belgilangan joyga boruvchi guruhni tayyorladik. Bu ma’lum bir yo‘nalishdagi to‘siqlarni to‘g‘ri tanlash imkonini beradi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” mazkur loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarni tezroq tayyorlashga har tomonlama hissa qo‘shishga tayyor. Ma’lumki, bu hudud tog‘li uchastkalardan o‘tagani bois, uning o‘ziga xos qiyinchiliklari bor”, deydi Husnutdin Xosilov.
U shuningdek, O‘zbekiston moliyalashtirish hisobidan ortofotoxaritalar va relyefning raqamli modelini yaratish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini qo‘shimcha qildi.
Aytilishicha, mutaxassislar tomonidan temir yo‘l qurilishi loyihasi o‘rganilib, yo‘nalish bo‘yicha hisob-kitoblar va takliflar tayyorlandi. Boshqa mavjud variantlar bilan solishtirilganda ularning inkor etib bo‘lmaydigan afzalliklari bor.
“Birinchidan, yangi temir yo‘l O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokistonning 10 ta aholi punktini bog‘laydi va mintaqa uchun asosiy transport-logistika magistraliga aylanadi. Ikkinchidan, yangi temir yo‘l liniyasi yo‘nalishida “Surxon – Puli-Xumri” va “KASA – 1000” yuqori voltli elektr uzatish liniyalarini yotqizish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda”, deydi Xosilov.
Shuningdek, u Mozori Sharifdan Peshovarga (Pokiston) qurilishi taklif etilayotgan temir yo‘l uzunligi 760 kilometrni tashkil etishini qo‘shimcha qildi.
Mazkur liniyada quyidagilar qurilishi rejalashtirilgan:
Temir yo‘l stansiyalari- 33 ta;
Stansiya yo‘llari- 187 km;
Yangi sun’iy inshoot 1212 ta, jumladan: 3 ta tunnel, 336 ta ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar, 107 ta o‘tish joylari, 785 ta elektr ta’minoti tarmoqlari, 790 km aloqa liniyalari.
Loyihaning taxminiy qiymati 4,6 mlrd dollarni tashkil etadi, amalga oshirish muddati 5-yil.
Loyihalashtirilgan “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘l liniyasi Janubi-Sharqiy Osiyoning yirik bozorlarini MDH davlatlari, Xitoy va Yevropa bozorlari bilan bog‘lovchi yangi va eng qisqa tranzit yo‘laklarini yaratadi.
Shu bilan birga, Afg‘onistonning markaziy qismida joylashgan o‘nlab foydali qazilmalar konlari iqtisodiy aylanmaga jalb qilinadi. 500 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilib, temir yo‘l transporti faoliyati bilan bog‘liq yangi kasblar shakllantiriladi. Loyiha amalga oshirilgach, hududning 15 mlngacha aholisi xayoti farovonlashadi.
Umuman olganda, transafg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshirish yuk tashish vaqti va narxini 30-40 foizga qisqartiradi. Ilk yillarda birinchi hisoblangan tashuvlar hajmi 3 mln tonnagacha, 2030-yilga kelib esa yiliga 15 mln tonnadan oshib ketishi mumkin.