TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy mamlakat bundan buyon O‘zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlari uchun xavf tug‘dirmasligini bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun Toshkentga tashrif buyurgan Amirxon Muttaqiy bilan uchrashgan.
Uchrashuvda Afg‘oniston delegatsiyasi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusi o‘z vaqtida va zarur ekanligi, bo‘lajak tadbir jahon hamjamiyatiga Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha batafsil ma’lumot olish imkonini berishini ta’kidlagan.
“Afg‘oniston mamlakatning eng yaqin va ishonchli sherigi bo‘lgan va shunday bo‘lib qolajak O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirish va kengaytirish tarafdori ekanligi alohida ta’kidlandi. Amirxon Muttaqiy Afg‘oniston hududi bundan buyon O‘zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlari uchun xavf tug‘dirmasligini bildirdi”, - deyiladi xabarda.
Afg‘oniston delegatsiyasi rahbari O‘zbekiston tomoniga Afg‘onistonga Termiz shahridagi ko‘p funksiyali transport-logistika xabi, shuningdek, energetika va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish orqali ko‘rsatilayotgan insonparvarlik yordami uchun samimiy minnatdorlik bildirgan.
Vladimir Norov afg‘on tomonini xalqaro hamjamiyatning asosiy talablarini tez fursatlarda bajarish, jumladan, keng vakillikka asoslangan hukumat tuzish, ayollar va milliy ozchiliklar huquqlariga rioya etish, qizlarning to‘laqonli maktab ta’limi bilan ta’minlash bo‘yicha samarali choralar ko‘rishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, Surxondaryo viloyatining Termiz shahriga 5-iyul kuni Afg‘oniston tomondan 5 ta snarad kelib tushgan edi. Afg‘oniston muvaqqat hukumati rasmiy vakili Zabihulloh Mujohid holatni ikki do‘st mamlakatlar o‘rtasida ixtilof yaratmoqchi bo‘lgan doiralar qilganini aytdi.
Oradan biroz o‘tib, Zabihulloh Mujohid Afg‘onistondan O‘zbekistonga snarad otgan guruh ushlanganini ma’lum qildi.
Oradan biroz o‘tib, Zabihulloh Mujohid Afg‘onistondan O‘zbekistonga snarad otgan guruh ushlanganini ma’lum qildi.
Toliblarning Afg‘oniston hukumatini egallab olishi
Avgust oyi o‘rtalarida "Tolibon"* a’zolari mamlakat poytaxti Kobulga bostirib kirib, prezident saroyini egallab olishdi.
31 avgustga o‘tar kechasi AQSh harbiylari Kobul aeroportini batamom tark etishdi va bu bilan Afg‘onistondagi qariyb 20-yillik amerika kampaniyasi o‘z yakuniga yetdi.
Toliblar Afg‘onistonning muvaqqat hukumati tarkibini e’lon qildi.
Muvaqqat hukumatni "Tolibon"* birinchi bor hukumat tepasiga kelganida TIV rahbari kursisini egallagan va hozirga qadar BMT sanksiyalari ostida qolib kelayotgan Muhammad Hasan Oxund boshqarishi ma’lum bo‘ldi.
*Tashkilot terrorchilik faoliyati uchun BMT sanksiyalari ostida.