Rossiya sanksiyalardan “bir gramm zarar ko‘rmadi” – NI

Yevropa davlatlari sanksiyalar qo‘llanilgandan so‘ng, ikki tomonlama muammoga duch keldi.
Sputnik
TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. G‘arb sanksiyalari Rossiya iqtisodiyotini barbod qila olmadi. Bu haqda The National Interest nashri ma’lum qildi.
Joriy yilning ikkinchi choragida Rossiya tashqi savdosining profitsiti rekord darajadagi 70,1 milliard dollarni tashkil etdi. Rubl yevroga nisbatan 2015-yildagi ko‘rsatkichlarga yetib, havas qilsa arziydigan barqarorlikni ko‘rsatdi. Bu muvaffaqiyatga mahsulot narxining yuqoriligi va Rossiyaning neft, gaz, g‘alla va oltin eksport qilish qobiliyati yordam beradi.
Yevropa davlatlari, o‘z navbatida, sanksiyalar qo‘llanilgandan so‘ng, ikki tomonlama muammoga duch keldi: ularga Rossiyadan yetkazib berishning qisqarishi tufayli yoqilg‘i yetishmaydi va energiya narxining oshishi inflyatsiyani kuchaytiradi.
“Cheklovlar Rossiyaning o‘zidan ko‘ra, butun dunyoga ko‘proq muammolarni keltirib chiqaradi. Iqtisodiy nuqtayi nazardan, mamlakat “bir gramm zarar ko‘rmadi”, deb xulosa qiladi nashr.
24 fevraldan beri Rossiya Ukrainani denatsifikatsiya va demilitarizatsiya qilish bo‘yicha maxsus operatsiya o‘tkazmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin uning vazifasi sakkiz yil davomida Kiyev rejimi tomonidan zo‘ravonlik va genotsidga uchragan odamlarni himoya qilish deb atagan.
Rossiya harbiylarining maxsus operatsiyasi boshlanganidan so‘ng G‘arb Moskvaga nisbatan sanksiyalar bosimini kuchaytirdi: Rossiyaning yuzlab milliard dollarlik aktivlari muzlatib qo‘yildi, banklar SWIFT tizimidan uzildi, ko‘plab brendlar mamlakatni tark etdi. Yevropa Ittifoqi allaqachon yettita sanksiya paketini, jumladan, ko‘mir va neftga embargoni qabul qilgan. Bularning barchasi allaqachon G‘arbning o‘zi uchun muammoga aylanib, inflyatsiya hamda oziq-ovqat va benzin narxining keskin oshishiga olib keldi.