O‘quvchilar uchun 1,5 mlndan ortiq maktab formalari sotuvga chiqarildi

To‘qimachilik korxonalari tomonidan tayyorlangan maktab formalari savdo shaxobchalari va maktab yarmarkalarida sotilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. To‘qimachilik korxonalari tomonidan 1,5 mln komplektdan ortiq maktab formalari tayyorlanib, sotuvga chiqarildi. Bu haqida AOKAda o‘tkazilgan brifingda "O‘zto‘qimachiliksanoati" uyushmasi axborot xizmati rahbari Shahzoda Qo‘chqo‘rova ma’lum qildi.
Aytilishicha, 20-iyul xolatiga to‘qimachilik korxonalari tomonidan tayyorlangan maktab formalari savdo shaxobchalari va maktab yarmarkalarida sotuvga chiqarilgan.
“Toshkent viloyati va Toshkent shaxrida jami 1,0 mln o‘quvchi ta’lim oladi. Ushbu xududlarda maktab formasini ishlab chiqarish quvvati 5 mlndan ortiqni tashkil etadi”, deydi Shahzoda Qo‘chqo‘rova.
Uning so‘zlariga ko‘ra birgina Namangan viloyatining o‘zida 276 ta korxona 19,0 mln maktab formasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Ayni damda ushbu korxonalarga 2.5 mln maktab formasi ishlab chiqarishga buyurtmalar tushgan.
O‘quvchilarni sifatli va zamon talabiga mos maktab formalari bilan ta’minlash maqsadida respublika bo‘ylab 560 ta mahalliy korxona ro‘yxati shakllantirilgan.
Ushbu korxonalarda mavjud quvvatlar yillik 45,0 mln maktab formasi ishlab chiqarish imkoniyatini beradi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra maktab formasini ishlab chiqarish uchun xom-ashyo sifatida 26 mln kv. m. gazlama mato ishlatiladi. Respublikaning 7 ta xududida joylashgan korxonalarning yillik quvvati 179,0 mln.kv.m mato ishlab chiqarishni tashkil etadi. O‘rtacha oylik ishlab chiqarish quvvati 10-14 mln.kv.mni tashkil etadi.
Maktab formasi ishlab chiqarilishida bolaning bo‘yi, vazni va boshqa xususiyatlari inobatga olingan.