TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari hamda kasb-hunar maktablari bitiruvchilari uchun yakuniy davlat attestatsiyasi Davlat test markazi (DTM) tomonidan o‘tkazilishi mumkin. Ushbu tartibni nazarda tutuvchi qaror loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Qaror loyihasini DTM ishlab chiqqan. Hujjat loyihasi qabul qilinsa, bitiruvchilar uchun majburiy uchta fan – ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixi fanlari hamda ikkitadan to‘rttagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos bo‘lgan fanlardan test sinovi o‘tkaziladi.
Test sinovi natijalari bo‘yicha bitiruvchilarga uch yil muddatga amal qiladigan elektron milliy sertifikat beriladi.
Hujjatda quyidagilar nazarda tutilgan:
Ta’lim dasturlarini to‘liq o‘zlashtirgan va o‘quv fanlaridan yil davomida qoniqarli baho olgan bitiruvchilar test sinoviga qo‘yiladi;
Test sinovi natijasi bo‘yicha majburiy fanlardan minimal ball va undan yuqori ball to‘plagan bitiruvchilar yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tgan hisoblanadi;
Yil davomida test sinovini topshirib sertifikatga ega va uning bali Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan minimal o‘tish baliga mos kelgan bitiruvchilar tegishli fanlar bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiyasidan ozod etiladi;
Majburiy fandan minimal ball to‘play olmagan, uzrli sababga ko‘ra test sinovida qatnasha olmagan bitiruvchilarga yakuniy davlat attestatsiyasi to‘liq yakunlanganidan ikki hafta o‘tgach ushbu fanlardan qayta test sinovini topshirish huquqi beriladi.
Qayta test sinovi natijalari bo‘yicha yetarli ball to‘play olmagan bitiruvchilar barcha oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish tanlovida ishtirok eta olmaydi.
Ularga ta’lim tashkilotlari tomonidan tegishli ta’limni tugatganligi haqida ma’lumotnoma beriladi hamda keyingi yil yakuniy davlat attestatsiyasida qayta test sinovini topshirish huquqi beriladi.
2023 yil 1-noyabrdan boshlab avvalgi yillarda ta’lim tashkilotlarini tugatgan abituriyentlar ham DTM tomonidan test sinovi o‘tkaziladi.
Abituriyentlarga yil davomida umumta’lim fanlaridan to‘lov asosida sertifikat olish uchun bir necha marotaba test sinovi topshirish huquqi beriladi.
Undiriladigan to‘lov:
Majburiy fanlar bo‘yicha test sinovida qatnashish uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 0,3 baravari miqdorida;
Mutaxassislik fanlar bo‘yicha test sinovida qatnashish uchun har bitta fan bo‘yicha – bazaviy hisoblash miqdorining 0,25 baravari miqdorida.
Quyidagilarga navbatdan tashqari yiliga bir marotaba to‘lovsiz test sinovida qatnashish imkoniyati beriladi:
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida kam ta’minlangan oila sifatida ro‘yxatga olingan oilalarning a’zolari;
“Temir”, “Yoshlar”, “Ayollar” daftarlaridan biriga kiritilgan, nogironligi (I va II guruh) bo‘lgan shaxslar;
Davlat qaramog‘ida bo‘lgan chin yetimlar.