TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda parlament matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, mazkur qonun loyihasi huquqni qo‘llash amaliyotida paydo bo‘layotgan tushunmovchiliklarni bartaraf etish, O‘zbekiston hududidagi chegara rejimida jismoniy va yuridik shaxslar huquqlari va majburiyatlarini qonun bilan mustahkamlash maqsadida ishlab chiqilgan. Uni ishlab chiqishda xorijiy tajriba inobatga olingan.
“Taklif etilayotgan qonun loyihasi qabul qilinishi davlat chegarasini ishonchli qo‘riqlash va himoya qilishga xizmat qiladi”, - deyilgan xabarda.
Deputatlar bahs-munozaralar, savol-javoblardan so‘ng bu qonun loyihasini qabul qilishdi.