O‘zbekistonda vabo aniqlangani haqidagi xabarlar yolg‘on - Otabekov

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari O‘zbekistonda vabo kasalligi aniqlangani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Sputnik
TOShKENT, 25-iyul — Sputnik. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Atabekov O‘zbekistonda vabo kasalligi aniqlangani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Aytilishicha, O‘zbekiston hududida vabo kasalligi biror marta qayd etilmagan.
“Afg‘onistonda aniqlangan vabo kasalligi O‘zbekistonga kirib kelgani haqida tarqalgan ma’lumotlar mutlaqo yolg‘on”, deydi Nurmat Atabekov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, vabo kassaligini dunyoning barcha hududlaridagi ochiq suv xavzalarida uchratish extimoli yo‘q emas. Shu kungacha dunyoda 7 marotaba vabo pandemiyasi qayd etilgan.
"Vabo vibrioni chidamsiz bo‘lgani uchun toza va sifatli ichimlik suvidan foydalanish yoki masalliqlarni obdon pishirib, ularni Vabo vibrionlaridan xalos qilish mumkin", deydi u.
Bemorga yaqin yurgan kishilar 5 kunlik karantinga olinadi va tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyasiga ko‘ra hozir ushbu kasalligi o‘chog‘ida karantin qo‘llanilmaydi.
Aytilishicha, kasallikni yuqtirib olmaslikda ishlab chiqaruvchisi aniq bo‘lgan va kafolatlangan oziq-ovqat mahsulotlarini isyemol qilish va ifloslangan ochiq suv havzalarida cho‘milmaslik asosiy tadbirlar sanaladi.
Vabo kasalligi
VABO (cholera) — ingichka ichakning zararlanishi, intoksikatsiya, umumiy ahvolning og‘irlashuvi va organizmning suvsizlanishi bilan davom etadigan o‘tkir infeksion o‘ta xavfli ichak kasalliklaridan biri xisoblanadi.
Vaboning klassik Vabo va El-Tor Vabosi degan 2 turi bor.
Vabo vibrioning saqlanish muddati:
Daryo suvida 18 kundan 5 oygacha;
Muzda bir necha oy;
Ariqlarda bir necha kun;
Dengiz suvida ikki hafta;
Sovuq vaqtda najasda bir necha oy;
Axlat chuqurlarida 3 oygacha;
Ichki kiyimlarda 2 oy;
Qum tuproqda bir necha oy;
Suv havzalarida 15—30 kun;
Sut va yog‘da bir oygacha;
Kartoshkada 2 haftagacha;
Ho‘l mevada bir necha kungacha.
Dezinfeksiyalovchi moddalar vibrionni tez o‘ldiradi. Suv qaynatilganda ham vibrion tez o‘ladi.
Ta’kidlanishicha, klassik vabo og‘ir o‘tadi. Bunda bemor yotib qoladi, kasallik tez-tez ich ketishi, qusish, shuning natijasida organizmning suvsizlanishi, shuningdek tana harorati pasayishi, muskullarning tirishishi va intoksikatsiyaning boshqa belgilari, yurak urishining susayishi belgilari bilan kechadi.
El-Tor vabosi esa aksariyat hollarda yengil o‘tadi. Vabo belgilari bo‘lmagani holda sog‘lom vibrion tashuvchilar ko‘p uchraydi, shu bois El-Tor Vabosini aniqlash klassik Vaboni aniqlashga nisbatan qiyinroq kechadi.
Shuning uchun ElTor Vabo sining bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga o‘tish va keng tarqalish imkoniyatlari katta.
Kasallikni yuqtirib olish holatlari:
Vabo vibrioni bemorning axlati, qusug‘i, ba’zan siydigi bilan tashqariga chiqadi. Vibrionlar tushgan suv va oziq-ovqatni iste’mol qilish natijasida mazkur kasallik yuqishi mumkin.
Me’da shirasi vibrionlarni o‘ldiradi, ammo suv ko‘p ichilganda yoki me’da shirasi kamroq bo‘lganda vibrionlar me’dadan ingichka ichakka o‘tib, kupayadi.
Vibrionlarni pashsha ham tarqatadi.Ular vibrionlarni qorniga va oyoklariga ilashtirib olib, oziq-ovqatga va ichimlik suvga yuqtirishi mumkin.
Vabo yuvuqsiz qo‘l, kir kiyimbosh va gigiyena vositalari orqali ham yuqishi mumkin. Vabo vibrionlari tushgan suvni iste’mol qilish natijasida kelib chiqqan Vabo epidemiyalari qisqa vaqtda ko‘p aholini zararlashi mumkin.
El-Tor Vabosi asosan shu yul bilan tarqaladi. Bu ayniqsa qishloq joylarda kuzatiladi. Vaboning tipik (algid) formasi 2—3, ba’zan 5 kunlik inkubatsion davrdan keyin o‘ziga xos belgilar bilan boshlanadi: ich tez-tez va ko‘p keladi, bemor qusadi, tana harorati pasayadi (35—34° gacha), muskullari tirishadi, yurak urishi susayadi.
Organizm suvsizlangani uchun bemorning ko‘zlari kirtayadi, badani ko‘karadi, terisi burishib qoladi, yopishqoq ter bosadi. Bemor shu ahvolda bir necha kun yotgach ich ketishi va qusish bosilib, sog‘aya boshlaydi.
Ma’lumot uchun, vabo dastlab 1816-yilda Hindistonda — Gang darosi vodiysida paydo bo‘lgan. U yerda turmush sharoiti og‘ir bo‘lganligi uchun aholining boshqa davlatlarga ko‘chib ketishi barobarida kasallik dastlab Yevropaga, keyinchalik butun dunyoga tarqalgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda vabo kasalligini tarqalashini oldini olishga qaratilgan epidemiyaga qarshi va profilaktik chora-tadbirlar qat’iy nazoratga olingani ma’lum qilingandi.