Asadov prezidentning bu haftadagi ish rejasi haqida ma’lumot berdi

Hafta davomida prezident huzurida bir nechta dolzarb masalalarga doir tadbir muhokamalari rejalashtirilgan.
Sputnik
TOShKENT, 25-iyul — Sputnik. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyevning bu haftadagi ish rejasini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, matbuot kotibining an’anaviy dushanba brifingi biroz tanaffusdan so‘ng yana qayta tiklandi. Kelgusi haftadan esa yangi formatda davom etadi.
Sherzod Asadov qayd etishicha, boshlangan haftada prezidentning ish taqvimi juda tig‘iz, davlat rahbari ishtirokida rejalashtirilgan tadbirlar ko‘p.
“Hafta davomida prezidentimiz huzurlarida bir nechta dolzarb masalalarga doir tadbir muhokamalar rejalashtirilgan”, - deydi Sherzod Asadov.
Davlat rahbarining bu hafta ish rejasi quyidagicha:
Tarmoq va hududlarda axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
28-29 iyul kunlari Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda Shavkat Mirziyoyevning Tashkilot tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvi ko‘zda tutilgan.
25-26 iyul kunlari Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi va unda 20 dan ortiq davlat delegatsiyalari ishtirok etadi. Ularga prezident murojaati yo‘llanadi.