Bu qiziq

Yurak nuqsoni bilan tug‘ilish holatlari – professor sabablari haqida

Professor yurak nuqsoni bilan tug‘ilish holatlari ko‘payib borayotganining muhim sabablarini aytdi.
Sputnik
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun jahonda har ming chaqaloqdan sakkiz-o‘n nafari tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelmoqda. Ularning qariyb 72 foizi hayotining ilk yilida jarrohlik amaliyotiga muhtoj. Sog‘liqni saqlash vazirligi materiali.
Shu bois 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida mazkur xastalikdan o‘lim ko‘rsatkichi yuqori o‘rinda turadi. Biroq o‘z vaqtida operatsiya qilingan o‘g‘il-qizlarning 97 foizi to‘liq sog‘lom hayotga qaytishi mumkin.
Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Rustam Yorbekov respublikada tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelayotgan bolalar soni ortishini quyidagi omillar bilan ham izohladi.
— Homiladorlikning dastlabki uch oyi — go‘dak ichki a’zolarining shakllanish davri, — deydi professor. — Biroq ana shu muhim pallalarda ko‘pchilik o‘zbek xonadonlarida bo‘lajak ona salomatligiga yetarlicha e’tibor qaratilmaydi.
Masalan, kelinlik yumushlari, ba’zan qaynota-qaynona, turmush o‘rtoq va yaqinlar oldidagi haddan ziyod ko‘p vazifalar bo‘lajak onani zo‘riqtirib qo‘yadi. Homiladorligiga qaramay bunday opa-singillarimizga xizmatkor singari munosabatda bo‘ladiganlar ham, afsuski, oramizda kam emas.
Oqibatda kichik bir stress holati ham farzandning nuqson bilan tug‘ilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Xuddi shunday, “yukli” ayollarning bozor, do‘kon kabi aholi gavjum joylarga chiqishi ham noto‘g‘ri. Chunki bu davrda, ayniqsa, homiladorlikning dastlabki 12 haftasida turli infeksiyalarni yuqtirib olish nafaqat ona, balki bolada ham og‘ir asoratlar qoldirishi ehtimoli katta.
Jumladan, hozir qayta avj olayotgan koronavirus, kuz-qish mavsumiga xos gripp, shu bilan birga, qizamiq, qizilcha va boshqa virus hamda bakteriyalar chaqaloqlarning yurak nuqsoni bilan tug‘ilishiga olib kelishi mumkin.
Qolaversa, respublikada bo‘lajak onalar uchun skrining tekshiruvlari yo‘lga qo‘yilgan. Bunga aslo e’tiborsiz qarab bo‘lmaydi. Negaki, ba’zi xastaliklarni homiladorlik davridayoq aniqlab, erta va samarali bartaraf etsa bo‘ladi.
Bundan tashqari, bolalik va o‘smirlik davrida qizlar salomatligiga befarq bo‘lmaslik kerak. Maktablarda turli sport mashg‘ulotlarini ko‘paytirish, o‘z navbatida, uyda ularni jismoniy mashg‘ulotlarga kengroq jalb qilish, to‘g‘ri ovqatlanish va asabiylashmaslik sog‘lom farzandlar dunyoga kelishi uchun mustahkam poydevor yaratadi.