Nogironligi bo‘lgan ayollarni ishga olganlarga subsidiya beriladi

Nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar tadbirkorlikka o‘qitiladi. Ular mustaqil faoliyatni boshlagunga qadar hokim yordamchilari tomonidan tizimli ravishda amaliy yordam ko‘rsatib boriladi.
Sputnik
TOShKENT, 22-iyul — Sputnik. Nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni ishga olganlarga subsidiya beriladi. Bu haqda prezident imzolagan PQ–329-sonli qarorda nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, mehnatga layoqatli, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni ish bilan ta’minlagan ish beruvchilar uchun 6 oy davomida har oyda BHMning 2 baravari (600 ming so‘m)dan kam bo‘lmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.
Yoshlar va xotin-qizlar uchun kasb-hunar va tadbirkorlik bo‘yicha o‘quv kurslari xarajatining 70 foizi, lekin 1 mln so‘mdan oshmagan qismi kompensatsiya qilib beriladi.
“Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan yoshlar va xotin-qizlar kasb-hunarga, tadbirkorlikka Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida to‘liq bepul o‘qitiladi.
O‘quv kurslarini yakunlagan ishsiz xotin-qizlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtiriladi.
Tadbirkorlik yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslarini yakunlagan xotin-qizlarga tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishidan boshlab, o‘z faoliyatini mustaqil olib borishiga qadar bo‘lgan jarayonda hokim yordamchilari tomonidan tizimli ravishda amaliy yordam ko‘rsatib boriladi.