Haydovchilik guvohnomasini qayta tiklash uchun imtihon topshirish bekor qilindi

Guvohnomalar ma’lumotlar bazasidan tekshirilgandan so‘ng imtihonlarsiz beriladi.
Sputnik
TOShKENT, 22-iyul — Sputnik. Yo‘qotilgan milliy haydovchilik guvohnomasini qayta tiklash uchun imtihon topshirish tizimi bekor qilindi. Bu haqida Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan 393-sonli qarorda nazarda tutilgan.
Kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, yo‘qotilgan haydovchilik guvohnomasining dublikati transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan haydovchilik guvohnomalari ma’lumotlar bazasidan tekshirilgandan so‘ng imtihonlarsiz beriladi.
Milliy haydovchilik guvohnomalari blankalari plastik shaklda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan namunaga muvofiq YHXX buyurtmasiga asosan tayyorlanadi. Buyurtma 6 oylik doimiy zaxira bo‘lishini inobatga olib beriladi.
Shuningdek, hujjatga muvofiq, 2023-yil 1-yanvargacha Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining avtomatlashtirilgan Yagona axborot tizimi ishga tushiriladi.
Qolaversa, shu yil 1-noyabrdan haydovchilik uchun beriladigan tibbiy ma’lumotlarning yagona elektron bazasi shakllantiriladi va Yagona axborot tizimiga integratsiya qilinadi.
Ma’lumot uchun, avvalgi qonunchilikka ko‘ra, guvohnoma dublikati nazariy va amaliy imtihonlarni topshirgandan so‘ng berilgan.
Vakolatli idora hujjatlari bilan tasdiqlangan o‘g‘irlik, yong‘in, tabiiy ofat va shunga o‘xshash sabablarga ko‘ra yo‘qotish holatlari bundan mustasno.