"Prava"ni yangisiga masofadan almashtirish yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Tayyor guvohnoma haydovchilarga pochta orqali yetkazib beriladi.
Sputnik
TOShKENT, 21-iyul — Sputnik. Haydovchilik guvohnomasini masofadan almashtirish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Bu haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda adliya vaziri Ruslanbek Davletov ma’lum qildi.
Adliya vaziri o‘z so‘zida eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirishni to‘la raqamlashtirish va yangi guvohnomalarni pochta orqali yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish masalasiga to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etilishicha, onlayn tartib joriy etilsa, xaydovchilarning davlat xizmatlari markaziga kelishi shart bo‘lmaydi. Bu faqat elektron ravishda amalga oshiriladi.
Tayyor guvohnoma esa pochta orqali yetkazib beriladi.

“Bitta kamchilik bor, guvohnomaga imzo chekish kerak. Buning uchun albatta haydovchi o‘zi kelishiga to‘g‘ri keladi. Bu tartibni olib tashlash xarakatini qilyapmiz. Buni o‘ziga yarasha xalqaro talablari bor. Ko‘p davlatlarda imzo chekish tartibi yo‘q ekan. Biz ham shuni uddalasak, muamolar bo‘lmaydi”, deydi Ruslanbek Davletov.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, guvohnomani almashtirish muddati 2-3 marta cho‘zib berilgan. Shunga qaramay oxiriga muddat kuni navbatlar ko‘payib ketmoqda.
“Agar shunday qilmasak aytayotgan muammolarimiz yana takrorlanaveradi. Besh yildan keyinam xuddi shunaqa bo‘ladi", dedi vazir.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida eski haydovchilik guvohnomasini almashtirish muddati yana uzaytirilgandi.