O‘zbekistonda Markaziy Osiyo va Rossiya mehnat inspektorlari ishtirokida forum o‘tkaziladi

Forumda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Rossiya kabi davlatlardan 60 nafar ekspert ishtirok etadi.
Sputnik
TOShKENT, 21-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda 9-12 avgust kunlari Markaziy Osiyo va Rossiya mehnat inspektorlarining birinchi mintaqaviy forumi bo‘lib o‘tadi. Bu haqida Mehnat sohasidagi loyihalarni boshqarish markazi ma’lum qildi.
Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Rossiya kabi davlatlardan 60 nafar ekspert ishtirok etadi.
Tadbirning asosiy maqsadi Markaziy Osiyo mintaqasi va Rossiyada mehnat sohasida davlat nazoratini amalga oshirish siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Shuningdek, malaka oshirish hamda tajriba almashish orqali mehnat inspektorlarining bilim darajasi, ishchanligi va samaradorligini oshirish ham ko‘zda tutilgan.
Forum doirasida muhokama etiladigan masalalar:
Ishtirokchi davlatlarning Davlat mehnat inspeksiyalari vakillari Xalqaro mehnat tashkilotining asosiy tamoyillari;
Migratsiya qonunchiligi;
“Vision zero” (Nol jarohatlar) konsepsiyasi;
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni tekshirish;
Qishloq xo‘jaligi sohasidagi mehnat qonunchiligi.
Shuningdek, davlat mehnat inspektorining shaxsiy va kasbiy o‘sishiga, emotsional boshqarish ko‘nikmalariga va boshqalarga qaratilgan treninglar tashkil etiladi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash va mehnat huquqlarini himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, jumladan, O‘zbekiston Mehnat inspeksiyasining huquqiy va tashkiliy salohiyatini rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha yagona yondashuvlar ishlab chiqiladi.
Ma’lumot uchun, Mehnat inspeksiya ishining umumiy sifatini ta’minlashda inspektorlarning mehnat sharoitlari muhim rol o‘ynaydi. Taxminan 175-yil davomida butun dunyo bo‘ylab inspektorlar ko‘plab yo‘nalishlarda mehnat sharoitlarini yaxshilash ustida ishlamoqda.