Nikohni ro‘yxatdan o‘tkazish huquqini notariuslarga berish kutilmoqda

FHDYo organlarida tug‘ilish, nikoh, o‘lim, familiya o‘zgartirishni yagona dalolatnoma asosida shakllantirishni yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 21-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda nikohni ro‘yxatdan o‘tkazish huquqi notariuslarga berilishi mumkin. Bu haqida adliya vaziri Ruslanbek Davletov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hozir vazirlik nikoh tuzish huquqini notariuslarga berishni ko‘rib chiqmoqchi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, o‘z faoliyatini olib borayotgan 200 ta FHDYo o‘rniga 1000 ta notariusga murojaat qilish imkoniyati yaratilishi mumkin.
“Notariuslarda ham juda kuchli yuristlar, hammasini tushunadi. Ular ikki tomonning xohish-irodasini tasdiqlab, shahodatlay oladi. Hech qanaqa muammo yo‘q", deydi vazir.
Bu hozir ko‘rib chiqilmoqda, tegishli hujjatlar esa alohida taqdim etiladi.
Qolaversa, FHDYo organlarida tug‘ilish, nikoh, o‘lim, familiya o‘zgartirishni yagona dalolatnoma asosida shakllantirishni yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston bo‘yicha jami 108 934 ta nikoh holatlari qayd etilgan. Nikohlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10 062 taga kam.