Kanadalik fermerlar Rossiyaga qarshi sanksiyalardan jabr ko‘rishapti – OAV

Kanadalik fermerlar Rossiya o‘g‘itlari importiga 35 foizlik boj joriy etish to‘g‘risidagi qaror tufayli qiynalyapti.
Sputnik
TOShKENT, 21-iyul — Sputnik. Kanadalik fermerlar mamlakat rasmiylarining Rossiya o‘g‘itlari importiga 35 foizlik boj joriy etish to‘g‘risidagi qarori tufayli jabr ko‘rdi. Bu haqda “Le Devoir” yozmoqda.
Kvebek don ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi raisi Kristian Overbekning aytishicha, joriy yilning mart oyida joriy etilgan bojlar undan avval yoqilg‘i va texnikalar narxining oshishiga duch kelgan fermerlar uchun allaqachon qiyin vaziyatni yanada kuchaytirmoqda.
“Ushbu qo‘shimcha soliqdan aziyat chekishning hojati yo‘q. Asosiy tovarlar narxi 2021-yilga nisbatan ikki baravar yoki hatto uch baravar oshdi”, - deya shikoyat qildi Overbek.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiyadan mamlakatning uchta hududiga taxminan 660-680 ming tonna azotli o‘g‘itlar keltiriladi.
“Bu fermerlar uchun katta qo‘shimcha xarajatlarni talab qiladi. Biz federal hukumatdan fermerlarga ushbu majburiyatlar bilan bog‘liq zararni qoplash uchun yordam so‘raymiz”, - dedi Sollio kooperativ guruhi boshqaruvi raisi Gislen Jerve.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bojxona to‘lovlari uning kompaniyasiga 10-15 ming dollar, Sollio guruhining barcha ishlab chiqaruvchilari uchun esa 30 million dollar qo‘shimcha xarajatlarga olib keladi.
“Agar o‘g‘itlar va bojlar narxining oshishini qo‘shsak, narxlarning ikki yoki uch baravar oshishi haqida gapirish mumkin”, dedi Jerve.
Shu bilan birga, Laval universitetining qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat fanlari fakulteti xodimi Moris Doyon Kanada kaliyning asosiy ishlab chiqaruvchisi ekanligini, ammo Rossiya va Ukrainadan katta miqdorda azotli o‘g‘itlar import qilishini ta’kidladi.
“Biz fermerlarimiz uchun mavjud bo‘lgan narsalar nuqtayi nazaridan qiyinroq ahvoldamiz”, - dedi u.
Shu bilan birga, mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, boshqa yetkazib beruvchilarni izlash g‘alla ishlab chiqaruvchilarga unchalik katta foyda keltirmaydi, chunki narxlarni jahon bozori belgilaydi.
Rossiyaga qarshi sanksiyalar G‘arbni halokatga yetaklamoqda – fransiyalik iqtisodchi
Rossiyaning Ukrainada maxsus operatsiyasi boshlanganidan so‘ng G‘arb davlatlari Moskvaga qarshi qator qattiq sanksiyalar joriy qildi. Yetkazib berish zanjirlarining uzilishi Yevropa va AQShda yoqilg‘i va oziq-ovqat narxlarining oshishiga olib keldi. Turmush narxining oshishi millionlab uy xo‘jaliklariga ta’sir qildi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiyani jilovlash va kuchsizlantirish siyosati G‘arb uchun uzoq muddatli strategiya ekanligini va sanksiyalar butun jahon iqtisodiyotiga qattiq zarba berganini aytdi.