TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida favqulodda holatning amal qilishi muddatidan avval tugatiladi. Tegishli farmonni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzoladi.
"O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-iyuldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida favqulodda holat joriy etish to‘g‘risida”gi PF‒164-son Farmoni bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida joriy etilgan favqulodda holatning amal qilishi 2022-yil 21-iyul kuni soat 05:00 dan boshlab muddatidan avval tugatilsin", - deyilgan hujjatda.
Farmon 21-iyul kuni soat 05:00 dan e’tiboran kuchga kiradi.
13 iyul kuni Qoraqalpog‘istondagi vaziyat barqarorlashgani sabab komendantlik soatining amal qilish vaqti qisqartirilgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘iston deputatlari 3-iyuldan 3-avgustgacha joriy etilgan favqulodda holatni bekor qilish yuzasidan Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘llashgani xabar qilingan edi.