Putin Zelenskiy bilan uchrashish ehtimolini baholadi

Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik muzokaralar boshlanishi rasmiy Kiyevning erishilgan kelishuvlarni bajarish istagiga bog‘liq, dedi Putin.
Sputnik
TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. Ukraina erishilgan kelishuvlarni bajarishdan bosh tortdi, hozir ham ularni bajarishni istamayapti, dedi rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin Ukraina yetakchisi Zelenskiy bilan uchrashish imkoniyatini izohlar ekan.
Putinning ta’kidlashicha, Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik muzokaralar boshlanishi rasmiy Kiyevning erishilgan kelishuvlarni bajarish istagiga bog‘liq.
Rossiya yetakchisiga ko‘ra, mart oyi oxirida Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Moskva va Kiyev aslida kelishuvga erishgan, faqat uni amalda bajarish qolgan. Biroq Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning markaziy mintaqalaridan olib chiqib ketilgandan so‘ng, Kiyev rasmiylari kelishuvlarni amalga oshirishdan bosh tortgan.
“Kerakli shart-sharoitlarni yaratish uchun bizning qo‘shinlarimiz Ukraina markazidan, Kiyevdan chiqib ketishdi. Kiyev hukumati bu kelishuvlarni amalga oshirishdan bosh tortdi, garchi kelishuvlarga amalda erishilgan bo‘lsa ham. Demak, yakuniy natija, albatta, vositachilarga emas, balki shartnoma tuzuvchi tomonlarning erishilgan kelishuvlarni bajarish istagiga bog‘liq. Bugun biz Kiyev rasmiylarida bunday istak yo‘qligini ko‘rib turibmiz”, dedi Rossiya yetakchisi Eronga amaliy tashrifi yakunlari bo‘yicha jurnalistlarga.
Vladimir Putin vositachilik xizmatlarini nafaqat Turkiya, balki Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari ham taklif qilgani, buning uchun Rossiya ulardan minnatdor ekanligini qo‘shimcha qildi.

Rossiya-Ukraina muzokaralari

Rossiya-Ukraina muzokaralari 28-fevralda, urush boshlaganidan to‘rt kun o‘tib o‘tkazila boshladi. Belarusda bir nechta uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, keyin muzokarachilar video aloqa orqali muloqotni davom ettirdi. 10-mart kuni Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan diplomatik forum doirasida Turkiya Rossiya va Ukraina Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Dmitriy Kulebaning uchrashuvini tashkil qildi. 29-mart kuni esa Istanbulda yuzma-yuz muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uning yakunlari bo‘yicha Rossiya delegatsiyasi Ukraina tomonidan o‘rganib chiqiladigan va mamlakat rahbariyatiga yetkaziladigan aniq shakllangan pozitsiya va takliflarni oldi..
Biroq, keyinroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina muzokaralar jarayonini sekinlashtirish maqsadida o‘z takliflaridan voz kechib, ko‘plab provokatsiyalar yaratayotganini aytdi.