Prezident Qirg‘izistonga jo‘nab ketdi

Cho‘lponota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Sputnik
TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarovning taklifiga binoan 20-iyul kuni Cho‘lponota shahriga jo‘nab ketdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mamlakat yetakchisi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi doirasidagi tadbirlarda ishtirok etadi.
Qirg‘iziston raisligida o‘tadigan sammit ishida Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston prezidentlari ham ishtirok etishi kutilmoqda.
Mintaqa mamlakatlari yetakchilarining uchrashuvi kun tartibidan turli yo‘nalishlarda, shu jumladan savdo, transport va logistika, sanoat kooperatsiyasi, innovatsiyalar, oziq-ovqat xavfsizligi, turizm, madaniy-gumanitar almashinuv sohalarida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Alohida e’tibor Markaziy Osiyoning barqarorligi va izchil taraqqiyotiga zamonaviy tahdid va xatarlarga birgalikda qarshi turish borasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratiladi.
Sammit yakunida bir qator muhim ko‘p tomonlama hujjatlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusini Shavkat Mirziyoyev 2017-yilda BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan edi.
Mintaqa yetakchilarining birinchi sammiti 2018-yil mart oyida Nur-Sulton shahrida, ikkinchisi 2019-yil noyabrda Toshkent shahrida, uchinchisi o‘tgan yilning avgust oyida Turkmanistondagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tdi.