O‘zbekistonda Marburg virusi kirib kelishining oldini olish choralari ko‘rilgan - SEX

Sputnik
TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. Marburg kasalligining O‘zbekistonda tabiiy o‘choqlari yo‘qligi sababli kasallik mahalliy holatda qayd etilmaydi. Ammo kasallikning xorij davlatlari orqali kirib kelish xavfi yo‘q emas.
O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining ma’lum qilishicha, kasalliklarni chetdan kirib kelishini oldini olish maqsadida respublikaga tashrif buyurgan shaxslar sanitariya-karantin punktlarida zamonaviy teplovizorlar va kontaktsiz termometr (pirometr)lar yordamida termometriyadan o‘tkazilmoqda.
Barcha tibbiyot xodimlarini karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘yicha maxsus dastur asosida o‘qitilgan. Gemorragik isitma kasalliklariga gumon qilingan har bemor yuzasidan chuqur epidemiologik surishtiruv ishlari o‘tkazilmoqda.
Sanitariya-epidemiologiya xizmatining maxsus laboratoriyalari hamda kasallikka chalingan (gumon qilingan) bemorlarni o‘z vaqtida yotqizish, davolash maqsadida yuqumli kasalliklar shifoxonalari shay holatga keltirilgan bo‘lib mutaxassislar muntazam qayta tayyorgarlikdan o‘tkazilib kelinmoqda.
Gemorragik isitma kasalligiga chalingan bemorlarini davolash ishlarini tashkil etish uchun zarur dori vositalari zaxirasi yaratilgan.
Qo‘shni dalvatlardan tashrif buyuradigan fuqarolarning tibbiy nazorati va karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha aholi o‘rtasida sanitariya – targ‘ibot ishlarini kuchaytirildi.
Sanitariya-epidemiologiya xizmati aholidan o‘z salomatligiga be’etibor bo‘lmaslikni so‘ragan.
Rossiyada Marburg gemorragik bezgagi virusining xavfi baholandi
Eslatib o‘tamiz, Afrikaning Gana mamlakatida Marburg virusi bilan kasallangan ikki nafar bemor aniqlangan. Kuchli gemorragik isitma va o‘limga sabab bo‘luvchi bu xastalik oqibatida 26 va 51 yoshli fuqaro vafot etgan.
Marburg kasalligi – virus ko‘zg‘atadigan, turli xil yuqish yo‘llariga ega bo‘lgan, tana haroratini ko‘tarilishi va qon ketish belgilari bilan kechadigan va o‘lim darajasi yuqori bo‘lgan tez yuquvchi, o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir.
Marburg isitmasining manbai Afrika yashil martishkalari (birlamchi manba) hamda shu kasallikka chalingan bemor odam hisoblanadi. Kasallik maishiy–muloqot, havo-tomchi, alimentar yo‘llar bilan yuqadi.
Yuqish omillariga kasallikka chalingan yashil maymunlarning qoni, organlari, spermasi, siydigi, shilliqli ajralmalari kiradi va ularda virus nisbatan yuqori konsentratsiyalarda aniqlanadi. Virus bilan barcha yoshdagilar va jinsdagilar kasallanishi mumkin. Kasallikda davriylik hamda mavsumiylik xos emas.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, xastalik alomatlari to‘satdan boshlanadi va bemor yuqori tana harorati, kuchli bosh og‘rig‘i hamda bezovtalikdan aziyat chekadi.
Marburg virusi Ebola kasalligi singari o‘ta yuqumli bo‘lib, hozircha tasdiqlangan davo muolajalari mavjud emas. Qolaversa, bu xastalikka qarshi vaksinalar ham yaratilmagan.