Qizaloq yonayotgan uydan 1 yoshli egizaklarni chiqarib oldi

Qozog‘istonda 12 yoshli qizaloq yonayotgan binodan 1 yoshli egizak ukalarini chiqarib oldi.
Sputnik
TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. Uch farzandning onasi chimketlik Mariya Savorovskaya qanday qilib qizi bir yoshli ikki egizak ukasini qutqarib qolganini so‘zlab berdi.
15 iyul kuni kechga yaqin Qaynarbuloq dalahovlillar massivida yashovchi oila xonadonida yong‘in sodir bo‘ldi.
Savorovskaya aytishicha, turmush o‘rtog‘i bilan bolalarni uxlashga yotqizib, keyin qo‘shnilardan sut olishga ketishgan.
Ko‘p o‘tmay, qizaloq ikki ukasi uxlayotgan xonada o‘rindiq yonib ketganini payqab qoladi.
U yong‘inni o‘chira olmagach, ukalarini birin-ketin ko‘chaga olib chiqishni boshlaydi.

“Bolalarni qo‘liga ushlab, ularni uydan chiqargan. Qizim menga “Onajon, kechiring, ukamni olib chiqib, uni yerda qoldirdim. Chunki men yana yugurishda davom etishim kerak edi, kechiring” dedi. To‘g‘risini aytsam, o‘zim ham xayratdaman. Chunki u ham hali bola, qo‘rqib, qochib ketishi mumkin edi. U qo‘rqib ketdi, uning oyoqlari uzoq vaqt davomida titrab turdi. Ammo, keyin biz bolalarni qo‘shninikiga olib bordik, uy butunlay yonib ketganini aytmadik", deydi Mariya Savorovskaya.

Qo‘shnilar ko‘magida yong‘in o‘chirish xizmati yetib kelguniga qadar yong‘inni bartaraf etishga erishildi. Bu esa, fojea kelib chiqishini oldini oldi.
Agar olov gaz ballon joylashgan hammomga yetib borganida, uyda portlash yuzaga kelgan bo‘lardi. Savorovskayaning so‘zlariga ko‘ra, yong‘inga sovutgichda sodir bo‘lgan qisqa tutashuv sabab bo‘lishi mumkin.
"Konditsioner o‘rindiqning tepasida osilgan edi. Menimcha, simlarda tutashuv bo‘lgan. Divan va o‘rindiq ichida sintepon bor, u odatda tez yonadi. Biz kelganda derazada alangani ko‘rdik. Keyin shlang yordamida, shuningdek xovuzdagi suvdan foydalanib olovni o‘chirishga kirishdik. O‘t o‘chirish bo‘limi tezda yetib keldi, ammo u paytga kelib olov o‘chib bo‘lgandi”, deya qo‘shimcha qildi ayol.
Ayni paytda oila vaqtinchalik uyga joylashtirildi. Musibatga befarq bo‘lmagan fuqarolardan biri ularni uy va oziq-ovqat bilan ham ta’minladi.