TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. 2022 yilning dastlabki olti oyida O‘zbekiston xorijiy davlatlardan qiymati 3,2 mln dollarga teng bo‘lgan 747 tonna muzqaymoq va muzqaymoq mahsulotlarini import qilgan. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Statqo‘mga ko‘ra, muzqaymoq va muzqaymoq mahsulotlari importi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 254 tonnaga oshgan.
Mamlakat o‘tgan 6 oy mobaynida eng ko‘p muzqaymoqni Rossiyadan (475 tonna) import qilgan. Shuningdek, O‘zbekistonga Qozog‘iston (203 tonna), Qirg‘iziston (18 tonna) va Litva (18 tonna) dan ham muzqaymoq hamda muzqaymoq mahsulotlari kirib kelgan.
Belarus (17,4 tonna) va Fransiya (14,2 tonna)ning muzqaymoqlari ham O‘zbekiston bozoridan joy olgan.
Qayd etish kerak, O‘zbekiston Rossiyadan nafaqat muzqaymoq, balki yog‘och mahsulotlari, makaron, parranda go‘shti, yengil avtomobillar ham import qilgan. Qolaversa, kir yuvish mashinalari ham mamlakatga asosan Rossiyadan kirib keladi.